Ikki mamlakat yetakchilari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya sherikligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishlari ko‘zda tutilgan.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikka doir qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil yanvar oyida rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo‘ldi, o‘sha yilning may oyida esa Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer javob tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.
Germaniya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik sheriklaridan biridir.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash 829 million dollarni tashkil etgan, mamlakatimizda Germaniyaning 700 million dollardan ziyod investitsiyalari o‘zlashtirilgan. O‘zbekistonda 200 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.