Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar! Hurmatli opa-singillar! Munis va lobar qizlarim!
Avvalo, siz azizlarni, butun yurtimiz ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, munis ayollarimizning beqiyos o‘rnini oddiy so‘zlar bilan ifoda etish nihoyatda qiyin vazifa.
Mana shunday qutlug‘ ayyom kunlarida siz, azizlarning sha’ningizga madhiyalar aytish uchun odam shoir bo‘lib tug‘ilmaganiga afsuslanib qoladi. Bu yorug‘ dunyoni quyoshsiz, yeru osmonsiz tasavvur etib bo‘lmaganidek, hayotimizni ham mo‘’tabar onalarimiz, mehribon ayollarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz.
Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, aziz Vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g‘ayrat manbaidirsiz. Bu azaliy haqiqatni murakkab pandemiya sharoitida ayniqsa chuqur his etmoqdamiz.
Sizlar – fidoyi shifokorlar, mehribon hamshiralar ko‘rsatgan jasorat va matonat tufayli ming-minglab bemorlar shifo topib, hayot quvonchini yana his etdi.
Sizlarning ustoz sifatidagi faoliyatingiz evaziga millionlab farzandlarimiz ta’lim va tarbiyadan uzilib qolmadi.
Sizlarning barcha sohalardagi fidokorona mehnatingiz hisobidan mamlakatimizning qudrati va salohiyati, xalqaro obro‘-e’tibori tobora ortib bormoqda.
Bugun biz barcha sohalarda marrani juda katta olyapmiz, qancha-qancha ulkan dasturlar, reja va loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ular birinchi navbatda onalarimiz, opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning hayot va mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan.
Fursatdan foydalanib, barchamizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ulkan o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib kelayotganingiz uchun sizlarga, butun O‘zbekiston xotin-qizlariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
bugungi davramizda ishtirok etayotgan diplomat ayollar – xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham chin dildan qutlab, mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganlari uchun ularga samimiy tashakkurimni izhor etaman.
Qadrli do‘stlar!
bugungi kunda azizu mukarram ayollarimizning barcha soha va tarmoqlardagi o‘rni va ta’siri yanada ortib bormoqda. Buning tasdig‘ini respublikamizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ayollarimiz orasida taniqli davlat va jamoat arboblari, jumladan, o‘nlab senator va deputatlar, vazir va hokimlar, O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, professorlar, O‘zbekiston xalq shoirlari, Xalq o‘qituvchilari, Xalq artistlari, nodavlat tashkilotlarning faol vakillari borligi barchamizni quvontiradi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetdi. Yurtimiz bo‘yicha bir yarim mingga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xususan, tashkilotchi va tashabbuskor opa-singillarimiz 6 ta tumanda hokim vazifasida, yuzlab hududlarimizda o‘rinbosar va maslahatchi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Yirik korxonalar, banklar va kompaniyalar, tadbirkorlik sub’ektlarini boshqarmoqda.
Ana shunday katta salohiyatni yanada oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvida ularning ishtirokini kuchaytirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi.
Bunday zamonaviy bilim va iste’dodga, yetakchilik qobiliyatiga ega, el-yurtimiz uchun fidoyi xotin-qizlarimiz – xalqimiz, millatimizning oltin fondi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aziz va qadrli opa-singillar!
So‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Xabaringiz bor, 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda ana shu tizim asosida amalga oshirilgan ishlar va oldimizda turgan rejalarni atroflicha muhokama qilgan edik. Ana shu muhim vazifalarni amalga oshirishda siz, hurmatli opa-singillarimiz bundan buyon ham faol ishtirok etasizlar, deb ishonaman.
Keyingi vaqtda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbariyati boshchiligida respublika ishchi guruhi tuzilib, barcha hududlarda ayollarni qiynayotgan muammolar aniqlandi. Ushbu muammolar bo‘yicha manzilli ish olib borish uchun mutlaqo yangi tizim – “ayollar daftari”ni joriy etdik.
Keyingi 3 oyda respublika komissiyasi tomonidan ushbu “daftar”ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir ayollarning 32 ming nafari ish bilan ta’minlandi. Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan salkam 17 ming nafar xotin-qizga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar berildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Qariyb 55 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan o‘qitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi.
“Besh muhim tashabbus” doirasida chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar ayollar bandligi ta’minlandi.
Uy-joy sotib olish uchun 1 ming 250 nafar opa-singillarimizga qariyb 22 milliard so‘mlik boshlang‘ich badallar to‘lab berildi.
Bunday xayrli ishlar joriy yilda ham davom ettiriladi. Men bu borada kuni kecha yangi qarorni imzoladim. Unga ko‘ra, jamiyatda ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘in – mahallagacha yetkazib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilmoqda.
Bundan buyon O‘zbekistonda bironta ham ayol davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi.
Shuningdek, joriy yilda turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan ayollar hamda yolg‘iz onasi qaramog‘ida o‘sgan qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida byudjetdan 210 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Boshpanasi bo‘lmagan ayollarni ijara asosida “ijtimoiy uy-joylar” bilan ta’minlash uchun yana 211 milliard so‘m yo‘naltiramiz. Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan hamda o‘zgalar parvarishiga ehtiyojmand bo‘lgan xotin-qizlarga moddiy yordam berish va malakali tibbiy yordamga muhtoj ayollarni davolash uchun qo‘shimcha ravishda 110 milliard so‘m beriladi.
Shu bilan birga, ayollar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 600 milliard so‘m ajratiladi.
Yana bir muhim masala. Keyingi paytda unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz tarbiyasiga, umuman, oila institutiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha samarali ish olib borilmoqda. Buni mahalla faollari va jamoatchilikning sa’y-harakatlari bilan ajralish yoqasiga kelib qolgan 23 mingga yaqin oila yarashtirilgani, ajrimlar soni 3 mingdan ziyodga kamaygani ham ko‘rsatib turibdi. Lekin bir achchiq haqiqatni tan olishimiz kerak: bu raqamlar hamon yuqori bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili 28 mingdan ziyod oila ajralib ketgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Albatta, barchamizning istagimiz, tilagimiz bitta: qani edi, yurtimizda ajrim degan noxush holatning o‘zi bo‘lmasa, oilalar parokanda, bolalar tirik yetim bo‘lib, sarson-sargardon bo‘lmasa.
Men bir fikrni qayta-qayta aytishdan charchamayman.
Oila – bu mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor. Oilaviy baxt bu – eng ulug‘ saodatdir. Mashhur qo‘shiqlardan birida aytilganidek, “Uyida baxti borlar – har yerda baxtiyordir”.
Men aziz yigit-qizlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: turmush qurishga, oilaga, farzand taqdiriga nihoyatda chuqur mas’uliyat bilan qarang. Bu masalaga yuzaki yondashib, ham o‘zingiz, ham o‘zga bir inson hayotini xavf ostiga qo‘ymang.
Men bu borada ko‘pni ko‘rgan mahalla faollari, muhtaram faxriylarimiz, kayvonilar, ma’naviyatimiz va dinimiz fidoyilari, o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘lib kelayotgan yoshlarimiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladilar, deb ishonaman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Sizlarga ma’lumki, yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib, ijtimoiy-siyosiy hayotda va tadbirkorlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettirishimizni ta’kidladim.
Bu yo‘ldagi muhim qadamlarimizdan biri sifatida shu yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes forumini o‘tkazamiz.
Bu boradagi ishlarimizni jadallashtirish uchun “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ni qabul qilib, uni amalga oshirishga kirishmog‘imiz lozim.
Qizlarimiz tarbiyasi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, zamonaviy bilim va hunarlarni egallashi, ish joyiga ega bo‘lishi, jamiyatda munosib o‘rnini topishiga alohida ahamiyat berishimiz zarur.
“Ayollar daftari” bo‘yicha “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash usuli orqali har bir mahalla va xonadon kesimida ularning muammolarini ijobiy hal etishimiz shart.
Barchangizga yaxshi ayonki, joylarda yangi-yangi “IT-park”lar tashkil etyapmiz. Bu orqali mehnat bozorida “aqlli texnologiyalar”, innovatsiyalar asosida amalga oshiriladigan yangi xizmat turlari ko‘payib bormoqda.
Bu joylarda kim ishlaydi? Bu bozorni kim egallaydi? Albatta, o‘zimizning bolalarimiz, qizlarimiz egallashi kerak.
Ayniqsa, kitobxonlik, adabiyot, san’at va sportga mehr yoshlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylanishi lozim. Xabaringiz bor, keyingi paytda jamiyatimiz hayotida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish bo‘yicha yangi qaror va dasturlar qabul qildik. Ularni to‘liq amalga oshirishda biz birinchi navbatda siz, hurmatli xotin-qizlarimizning faolligingiz, yuksak intellektual salohiyatingiz, bilim va tajribangizga tayanamiz.
Qadrli vatandoshlar!
Har yili ushbu qutlug‘ sana arafasida o‘qishda, ishda, jamoat ishlarida, o‘zining iste’dod va qobiliyatini namoyon etishda dastlabki yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarimizni Zulfiya nomidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlash mamlakatimizda ezgu bir an’anaga aylanib qoldi.
Bugun ana shunday qizlarimiz qatoriga yana 28 nafar iqtidorli yoshlarimiz qo‘shilmoqda. Ular kelgusida xuddi Zulfiya opamiz singari o‘qishda, mehnatda, shaxsiy hayotda, o‘z iste’dodi, bilim va qobiliyatini Vatanimiz ravnaqi yo‘lida safarbar etishda barcha yoshlarimizga o‘rnak bo‘ladilar, deb ishonaman.
Ayni vaqtda bugungi bayram arafasida ko‘p yillar davomida o‘z sohasida katta natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan opa-singillarimizdan 297 nafari “Mo‘’tabar ayol” nishoni bilan taqdirlandi.
Kuni kecha qabul qilingan Farmonga muvofiq, oila va jamiyatni mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi munosib xizmatlari uchun hurmatli ayollarimizdan katta bir guruhi yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldilar.
Kelinglar, ularning barchasini samimiy olqishlab, chin dildan tabriklaylik!
bugungi fayzli, unutilmas kunda Sizlar bilan birga opa-singillarimizning munosib vakillariga hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarimizga ana shu faxriy unvon, orden va medallarni topshirish men uchun katta faxr va sharafdir.
Hurmatli do‘stlar!
Biz yurtimizdagi har bir ayol timsolida, avvalo buyuk zot – Ona siymosini ko‘ramiz. Shu bois “Avvalo onangizga va yana bir bor onangizga yaxshilik qiling”, degan muborak hadisga amal qilib, mo‘’tabar onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni insoniy burchimiz, deb bilamiz. Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, Sizlarning oldingizdagi bu qarzimiz haqqini, ming xazina bilan ham ado etib bo‘lmaydi.
Biz yaxshi tushunamiz – xotin-qizlarning huquq va manfaatlari ta’minlangan jamiyatda albatta tinchlik, adolat, erkinlik va farovonlik bo‘ladi. Ayol baxtli bo‘lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo‘ladi.
Barchamiz – Prezidentdan boshlab eng quyi bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilar, ana shu muhim mezonga amal qilib ishlashimiz zarur. Shundagina xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Sizlarni 8 mart bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Doimo yaqinlaringiz, farzand va nabiralaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib yurish nasib etsin!
Umringiz uzoq, baxtingiz ziyoda bo‘lsin!
Go‘zal bayramingiz muborak bo‘lsin!
Barchangizga katta rahmat.