Fuqaro I.S. Davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, Urgut tumani hokimligi sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati xodimi N.Sh. va uning sherigi N.I. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida mavjud zaxira yerlardan 1 gektar yer maydoni ajratib berishi evaziga undan 30 ming AQSH dollari miqdorida pullarni berishini talab qilib kelishayotganligini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan DXX viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi hamkorligida joriy yilning 20 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda N.Sh. Urgut tumani hokimligi ma’muriy binosi yonida o‘ziga tegishli “Lacetti” rusumli transport vositasida sherigi N.I. bilan fuqaro I.S.dan oldindan kelishilgan 30 ming AQSH dollari miqdoridagi pullardan 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Viloyat prokuraturasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, fuqaro N.Sh. va N.I. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
O‘zA