Prezidentimiz rahbarligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi va unda ko‘rilgan masalalar shu sohada ishtirok etayotgan jamiyatning bir ijodkor vakili sifatida qalbimni chuqur hayajonga to‘ldirdi.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shish yo‘lidagi kunu-tun izlanishlarining uzviy davomi, xalq farovonligi yo‘lidagi ezgu-niyatlarimizni ruyobga chiqarishning amaliy ifodasi sanalgan ushbu yig‘ilish soha vakillaridan tortib, jamiyatning barcha bo‘g‘inlari rahbarlari, ziyolilari oldiga yuksak shaxsiy mas’uliyat yuklagani haqiqat.

«Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir» degan haroratli so‘zning o‘zi, mamlakat taraqqiyoti uchun iqtisodiyot bilan ma’naviyatning roli naqadar ahamiyatli ekanligini teran anglatadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek «Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz.

Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat» ekanligini har bir rahbardan tortib, yurtimizning har fuqarosi teran his etishimiz darkor.

Haqiqatan ham har bir oila va har bir inson iqtisodiy tomondan qancha yetuk bo‘lganimiz sari, uni aql bilan boshqaradigan va ishlatadigan teran aql-zakovatga ega bo‘lishimiz darkor. Mana shu aql-zakovat esa, ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat orqali singib, rivojlanib boradi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining mamlakatimiz mafkurasining asosiy g‘oyasini ya’ni, biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishi, nihoyatda muhim masalaga kiritilgan oydinlik, ko‘rsatilgan to‘g‘ri yo‘l ekanligini chuqur anglab yetishimiz kerak.

Bizni quvontirgan muhim masalalardan biri Prezidentimiz ijtimoiy-ma’naviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning o‘zi talab etayotganligiga alohida urg‘u berdi.

Shularni hisobga olib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirganligi, sohada yangi ilmiy tadqiqotlarning olib borilishiga, ilmiy asoslar asosida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Tarixdan yaxshi ma’lumki, har sohada ilmga tayanib ish tutgan kam bo‘lmaydi. Bobolarimizning ko‘p ming yillik ma’naviy meroslari negizida ham katta ilm, ilmiy asoslar mujassam. Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish masalasi ko‘tarilgani bejizga emas. Beshikdan boshlanadigan tarbiya bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahallada bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikda olib borilsa, kutilgan natijaga erishish mumkin.

Shularni inobatga olib, davlatimiz rahbari ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

Har bir inson bolasi mahallada tug‘ilib, ulg‘ayadi, kamol topadi, xalqimiz «Mahalla – tarbiya beshigi» deya bekorga aytmagan. Lekin, mana shu mahalladan boshlanadigan tinchlik, totuvlik, ahil-birdamlik, ma’naviy barkamollik masalalari bilan kim qanday shug‘ullanayapti? degan o‘rinli savol biz ma’naviyatchilarni doimo o‘ylantirishi kerak.

Endilikda “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchi va taniqli ziyoli biriktirilishi, biz o‘ylayotgan mana shu savolga yanada aniq javob topishimizga xizmat qiladi. Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi ham yig‘ilish kun tartibidagi dolzarb masala sifatida ko‘rildi.

O‘zbekistonda tarix fanini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilganligi, milliy «Aql markazlari» haqida so‘z aytilganligi, yurtimizda aql-zakovatli, Vatanga sadoqatli, uzoqni ko‘zlab, ilm-fanga tayanib ish tutadigan avlodlarni tarbiyalash har birimizning muhim vazifamiz ekanligini yana bir bor uqtiradi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan shu yildan boshlab ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqning berilganligi ham ilmga suyangan holda ma’naviy ishlarni olib borishga qodir bo‘lgan yangi zamon mutaxassislarini tayyorlash imkonini yaratadi.

Xullas, yig‘ilishdan olgan taassurotlarim bir olam, quvonchlarim cheksiz, mas’uliyat katta. Endigi asosiy vazifa – biz, ma’naviyatchilar davlatimiz rahbari yig‘ilishda ilgari surgan, mamlakatimiz taraqqiyotida nihoyatda muhim Uchinchi Renessans davrining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladigan ahamiyatli vazifalarni sadoqat bilan sitqidildan bajarish hisoblanadi.

Rauaj OTARBAEV,

O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.

O‘zA