Terrel Jermeyn Starr AQSHning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutida katta ilmiy xodim hamda “The Root” onlayn jurnali muxbiridir.

U, shuningdek, tashqi siyosat, sayohatlar, madaniyat va yangiliklar to‘g‘risidagi haftalik “Black Diplomats” radioeshittirishining asoschisi va boshlovchisi sanaladi.

Ayni paytda T.Starr o‘zining shaxsiy kitobini nashr etish ustida ishlamoqda. Mazkur kitob boblaridan biri amerikaliklarning 1932-1933 yillarda yurtimizda bo‘lgan davriga bag‘ishlangan. «Harlem Uyg‘onish» madaniyati yozuvchilaridan biri va «jaz she’riyatining» asoschisi Langston Xyuz va Oliver Golden o‘sha paytlar Toshkent viloyatida paxtaning yangi navlarini yaratish bilan shug‘ullangan.

T.Starr L.Xyuzning sayohati to‘g‘risida mavjud arxiv materiallarini o‘rganishni va kitobining alohida bobini O‘zbekiston shaharlari, respublikaning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlashni rejalashtirgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehmon O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, mamlakatimiz turizm sohasidagi islohotlar, yangi turistik mahsulotlar, inshootlar, dam olish joylari va yo‘nalishlari, shuningdek, milliy gastronomiya, hunarmandchilik va boshqalar bilan tanishdi.

– O‘zbekiston mehmondo‘stligi, boy tarixiy va madaniy merosi bilan yaqqol ajralib turadi, – deydi T.Starr. – Hali kashf qilinmagan ba’zi qiziqarli joylarni ziyorat qilishni istagan har bir inson uchun O‘zbekistonni, yangi imkoniyatlarni va uning ochiqligini ko‘rsatish kerak.

Mutaxassis, shuningdek, Amerikaning yetakchi ommaviy axborot vositalari, shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida respublikamizning turistik salohiyati to‘g‘risida tegishli xabar va materiallarni nashr etish orqali O‘zbekistonning turizm brendini targ‘ib qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Mamlakatning sayyohlik salohiyati, tarixi va urf-odatlari bilan batafsil tanishish uchun T.Starr Toshkent, Jizzax, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Nukus shaharlarida bo‘ldi.

Uchrashuvda amerikalik olimlar tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi bir qator axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.