Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida nainki soha vakillari, balki butun jamiyat oldiga bugungi tahlikali davrda yoshlarning ma’naviy tarbiyasi bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi.

Bu yig‘ilish qatnashchilarining fikr-mulohazalarida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Minhojiddin Hojimatov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari:

– Mamlakatimiz hayotida tarixiy bir voqea bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bir fikrni aytilar. Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni, ruhi ma’naviyatdir. Chunki ma’naviy asoslarsiz, ma’naviy negizlarsiz, ma’naviy qadriyatlarsiz ma’naviy-milliy ruhsiz hech bir davlat o‘zining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi. Agar biz bobolarimiz yaratgan ikkita Renessansning asosiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ikkalasida ham o‘sha iqtisodiy rivojlanish bilan ruhiy rivojlanish uyg‘unligini ko‘ramiz. Davlatimiz rahbari bugun bizga yangi tizimni ko‘rsatib berdi. Bu qanday bo‘ladi, bu qanday ishlaydi va bu ishlarni qanday tashkil qilamiz, uning moliyaviy jihatlari, moliyaviy asoslari qanday bo‘ladi? Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyatini tubdan tanqidiy, tahliliy ko‘rib chiqqan holda uni takomillashtirib, mamlakatimizda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining ijro, muvofiqlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarini belgilash borasida bosh muassasa sifatida belgilanishi juda katta e’tibor, katta vakolat va shu bilan birga juda katta mas’uliyatdir. Davlat rahbarining tashabbusi bilan yangi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil qilinayapti. Bu institutga eng kuchli, ham vatanparvar, yuksak salohiyatli, shu sohada ijtimoiy-ma’naviy muhitni tahlil qila oladigan, unga baho bera oladigan, prognoz qila oladigan va ustuvor yo‘nalishlarni, vazifalarni belgilash salohiyatiga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, yosh olimlarni jalb etish va jamiyatdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil qilishda shunchaki tadbirlar uyushtirish emas, avvalo, har bir hududning o‘ziga xos jihatlari, o‘ziga xos xususiyatlari, kerak bo‘lsa, muammolari, og‘riqlaridan kelib chiqqan holda avvalo tahlil qilish, tashxis qo‘yish va ana shu asosda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil qilishga e’tibor qaratiladi. Biz shu paytgacha sabab bilan emas, oqibat bilan kurashib keldik. Chunki ilm bo‘lmagan joyda shunday yondashuv bo‘ladi. Ana endi sababini aniqlaydigan bo‘lsak, albatta, qilgan ishimiz oqibatida samara bo‘ladi, natija bo‘ladi.

Shuhrat Rizayev, “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari:

– Haqiqatda ham ma’naviyat ta’sirini ko‘rsatmagan soha borki, u yerda albatta qandaydir bir o‘pirilish, tanazzul holatlari kuzatiladi. Ma’naviyat, ruhiy hayot, madaniyat o‘sha sohalarni saviyali, o‘sha sohalarni rivojlanishga moyil holda saqlab turadigan o‘ziga xos bir turtki, o‘ziga xos malham vazifasini o‘tayapti. Bugun hamma sohada ma’naviyatning ishtiroki bo‘lishi kerak. Chunki inson ruhiy hayotsiz boshqa jihatlarni tasavvur etib bo‘lmaydi. Prezidentimiz videoselektorda alohida ta’kidladilarki, ma’naviyatning eng katta dushmani bu loqaydlik, beparvolikdir. Aynan o‘sha loqaydlik, beparvolik bizning ma’naviy tarbiyamizda juda ko‘p kamchiliklarimizga sabab bo‘ldi. Xorijdan kirib kelayotgan turli yot g‘oyalar, xorijiy turmush tarzi, so‘zlashish xususiyatlari, xorijliklarning kiyinish xususiyatlari bizga ko‘r-ko‘rona taqliddan o‘zlasha boshladi, biz bu orqali o‘zimizning milliy qadriyatlarimizdan, madaniy qadriyatlarimizdan sekin-sekin yiroqlashib bordik. Vaholanki biz aynan o‘zimizning qadriyatlarimizni takomillashtirish, kuchaytirish, to‘laqonli tiklash yo‘lidan boribgina milliy o‘zligimizni saqlashimiz mumkin. Ana shu ma’noda ma’naviyatning o‘rni har birimizning, u kattadir, kichikdir, barchamizning hayotimizda nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Prezidentimiz mana shu masalalarga e’tibor qaratib, uning amaliy jihatdan faoliyat yo‘sinlarini ko‘rsatib berdi. Qachonki, vatanparvarlik tuyg‘usi bilan qalblarimizni munavvar etsakkina o‘zimiz faoliyat yuritayotgan sohada samaraga erishamiz.

Prezidentimiz shu ma’noda vatanparvarlik tuyg‘usining bevosita professional kasb bilan bevosita uyg‘un, omixta hodisa bo‘lishi kerakligini, shundagina O‘zbekiston manfaatlari har qaysi manfaatdan birinchi o‘ringa chiqib turadigan manfaat bo‘lishini ta’kidladilar. Hammamizning oldimizga yig‘ilishda juda jiddiy vazifalar qo‘yilganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Azamat Ziyo, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori:

– Prezidentimiz aytdilarki, tarixiy izlanishlarda tarixiy qonuniyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan tahlil yo‘q. Eng muhimi, tarixiy faoliyatda milliy ruh yetishmaydi. Bu achchiq, lekin ayni haqiqat. Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi tarix fanini rivojlantirishning 2030 yilgacha bo‘lgan konsepsiyasini ishlab chiqish topshirig‘ini berdilar. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu kun o‘zbek zamonaviy tarixchilik maktabi tug‘ilgan kun bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’lim muassasalarida tarix fanini o‘qitishni tubdan yaxshilash masalasini qo‘ydilar. Bu ham juda muhim. Chunki ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yo‘lga qo‘yishda tarixiy merossiz, tarixiy tafakkursiz hech narsaga erisha olmaymiz. Ishonchim komilki, tarixchilarimiz, olimlarimiz, o‘qituvchilarimiz videoselektorda davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada ta’minlash uchun qattiq bel bog‘laymiz va ularni amalga oshiramiz.

Shuhrat Sirojiddinov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori:

– Yig‘ilish barchamiz uchun, kelajagimiz uchun nihoyatda muhim bo‘lgan masalalarga bag‘ishlandi. Davlatimiz rahbari oliy ta’limda faoliyat ko‘rsatayotgan ziyolilar, olimlar, o‘qituvchilarning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini yuksak baholagan holda barcha mahallalarda, umuman, maktabgacha ta’lim maskanlarida tarbiyaviy ishlarni olib borishda va umuman barcha tarbiyaviy jarayonlarda olimlarni keng ishtirok etishga da’vat etdilar. Va shu yig‘ilishda har bir mahallaga bir ziyolini biriktirish masalasi taklifini kiritdilar. Bu fikr esa barcha ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Oliy ta’limda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maxsus kengash tuzish taklifi kiritildi.Prezidentimiz tomonidan bu kengashning vazifalari aniq qilib belgilab berildi.

Oliy ta’lim sohasida ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish ma’naviyat markazlari bilan birgalikda tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zimiz ibrat, namuna bo‘lib maktablarni otaliqqa olishimiz, ularga nafaqat o‘quv ishlari, balki metodik yordam ko‘rsatish, balki ma’naviy-ma’rifiy ishlarni ham biz nazoratga olib, ularga yaqindan yordam berish vazifasi yuklatildi.

Sherzod Shermatov, xalq ta’limi vaziri:

– Ma’naviyat masalasi barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini Prezidentimiz alohida ta’kidladi. Ayniqsa, maktablar uchun ziyolilardan iborat qo‘shimcha shtat ajratish masalasi qo‘yildiki, bular maktab jamoasiga, o‘quvchilarga xam ma’naviy tarbiya bo‘yicha o‘zining hissasini qo‘shadi. Endilikda maktab shu mahalladagi ma’naviyat o‘chog‘iga aylanadiki, mahallalardagi ota-onalarga ham bu boradagi yangiliklarni yetkazishda o‘zining ijobiy hissasini qo‘shadi. Videoselektorda katta vazifalar qo‘yildi. Bunda birinchidan, nainki shtatga tegishli odamlarni olish, balki yagona metodika yaratish muhim. Chunki butun respublika bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy ishlar qanday bo‘lishi, bu yo‘nalishda nimalarga e’tibor berish kerakligi aynan shu metodologiya bilan uzviy bog‘liq.

Maktab sohasidagi islohotlarda muhim vazifa turibdiki, bu o‘quvchilarga zamonaviy bilim berish masalasidir. Bunda dunyodagi eng zo‘r kitoblar, metodologiyani keltirib ham o‘rgatish mumkin. Lekin Prezidentimiz ta’kidlaganidek, olim bo‘lish mumkin, lekin haqiqiy yaxshi inson bo‘lishdek murakkab masalaga javob topish qiyin. Davlatimiz rahbari bu masalaga ham ilmiy yondashish muhimligini ta’kidladi. Chunki hech kim shu paytgacha bu masalaga ilmiy yondashmagan. Videoselektorda ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani, bu sohaga taalluqli masalalarni aholiga kengroq yetkazib berish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bu bo‘yicha muttasil ish olib borish kerak bo‘ladi.

Sodiqjon Turdiyev, “Nuroniy” fondi boshqaruvi raisi:

– Ilgarilari ma’naviyat-ma’rifat sohasida davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik yo‘q edi. Endilikda Prezidentimiz bunga imkon yaratib berdilar. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mutlaqo yangicha tizimi yaratilmoqda. Biz nuroniylarning oldiga ham yoshlarni Vatanga sodiq, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni e’zozlaydigan, tashabbuskor, mehnatsevar etib tarbiyalash bo‘yicha katta vazifalar qo‘yildi.

Biz – nuroniylar katta kuchmiz. Mamlakatimizda uch million nafarga yaqin nuroniy bor. Vazifamiz har bir mahalladan ijtimoiy faol, ma’naviyatli, bugungi islohotlarga xayrixoh bo‘lgan, ortidan odamlarni ergashtira oladigan, zamonaviy fikrlaydigan nuroniylar ro‘yxatini shakllantirib, joylarda ishlarni boshlab yuborishdan iborat.

Prezidentimiz aytganidek, joylarda har bir nuroniyga besh nafar yosh biriktiriladi. Yoshlarni bilimli, ma’naviyatli, o‘z yurtiga sadoqatli etib tarbiyalash bizning vazifamizdir.

Eshqobil Shukur, “Ma’naviy hayot” jurnalining bosh muharriri:

– Bizning ma’naviy hayotimizda yangi davr, yangi bir bosqich boshlanishi kerak. Ana shu yangi bosqich Vatanimizning ertangi kuni, millatimizning kelajagini belgilab beradi. Eng muhimi, ziyolilarimiz bunda yetakchi kuchga aylanishi kerak.

Zamon juda o‘zgarib ketdi, uning shitobi juda tez. Hayot katta shiddat bilan davom etmoqda. Endi zamonning talabiga mos, shunga xos, shunga javob bera oladigan, zabtiga bardosh bera oladigan vositalarni ishlab chiqish kerak. “Ma’naviy hayot”, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” jurnallariga alohida e’tibor qaratish, ularni maktablar, oliy o‘quv yurtlari, yoshlarga yetkazishga oid fikrlar bizni juda to‘lqinlantirib yubordi.Muhimi, bu e’tiborga munosib javob bera olish kerak.

O‘zA