2021 yil 19 yanvar kuni ilk bor O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, Prezidentimiz yuridik ta’lim va fanni rivojlantirish yurtimizda amalga oshirilayotgan shiddatli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlar samarasini ta’minlash, keyingi istiqbollarini belgilashning hal qiluvchi omillaridan ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Bu borada davlatimiz rahbarining 10 dan ziyod farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimida Davlat va huquq institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash – doimiy ravishda faoliyat yuritadigan, muhokama qiluvchi, maslahat beruvchi va muvofiqlashtiruvchi organ bo‘lib, ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish va amalga oshirishning dolzarb muammolari bo‘yicha tavsiyalar beradi va tadqiqot mavzularini ishlab chiqadi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan “Zoom” onlayn platformasida tashkil etildi.
Unda Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik A.Saidov, Davlat va huquq instituti direktori A.To‘laganov, professorlar J.Toshqulov, R.Hakimov, O.Oqyo‘lov, F.Otaxonov, M.Rustamboyev, M.Tillaboyev, yuridik sohada faoliyat yurituvchi 70 dan ortiq taniqli olimlar, amaliyotchilar ishtirok etdi.
Yig‘ilishida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilgan hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da mamlakatni yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Kengashning joriy yilda amalga oshirishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, mamlakatimizda akademik huquqiy tadqiqotlar darajasini oshirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarning keyingi istiqbollarini belgilashga oid huquqiy ilmiy ishlanmalar samarasini oshirish, yuridik fanlar bo‘yicha tadqiqotlar mavzularining ro‘yxatini yangidan shakllantirish, Muvofiqlashtiruvchi kengash, Davlat va huquq instituti va davlat, nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda tadqiqotchilarning ilmiy ishlar natijalari muhokama qilinishini tashkil etish uchun OAVda keng yoritilishini va nashr etilishini tashkil etish, eng asosiysi, ilmiy dissertatsiyalar sifatini yanada oshirish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning tegishli qarori qabul qilindi.
Davlat va huquq instituti axborot xizmati
O‘zA