Yana to‘rt yildan so‘ng poytaxtimiz yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Bu kabi yirik kompleks musobaqalarda mezbon mamlakatga sport turlarini tanlash bo‘yicha huquq beriladi.

Reglamentga ko‘ra, musobaqa dasturida kamida 9 ta Olimpiya o‘yinlari oilasidagi sport turi bo‘lishi lozim. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, dastlabki uchta yoshlar Osiyo o‘yinlari dasturiga sport kurashlari, boks, kamondan otish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, voleybol, triatlon, velosport kabi sport turlari kiritilmagan.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida «Toshkent – 2025» IV yoshlar Osiyo o‘yinlarining tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uni Milliy olimpiya qo‘mitasi  bosh kotibi, «Toshkent – 2025» yoshlar Osiyo o‘yinlari direksiyasining direktori Oybek Qosimov olib bordi. Uchrashuvda MOQ Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev, shuningdek, sport federatsiya va assotsiatsiyalarining bosh kotiblari va xalqaro bo‘lim mutasaddilari ishtirok etdi.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

– «Toshkent – 2025» yoshlar Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorlanishimiz kerak. Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi va Yoshlar forumidagi nutqida bu haqda alohida to‘xtalib o‘tilgan edi.

Tabiiyki, biz musobaqada atletlarimizning imkoniyati yuqori bo‘lgan sport turlarini tanlashimiz lozim. Bu borada federatsiyalarga murojaat yo‘llaganimizda bor yo‘g‘i 6 ta javob xati oldik xolos. Qolaversa, musobaqa dasturidan joy olish uchun O‘zbekiston kurash federatsiyasi va O‘zbek jang san’ati federatsiyasidan tashabbus chiqdi. Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarimizdan bu borada tezroq o‘z takliflarini berishlarini so‘rab qolamiz, – dedi Oybek Qosimov.

Yig‘ilish davomida har bir federatsiya mutasaddilari bilan musobaqalarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan sport ob’ektlarining holati, yoshlarimizning imkoniyati haqida batafsil suhbatlashildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sport ommaviyligini oshirish maqsadida yil davomida kamida 20 ta xalqaro musobaqani mamlakatimizda o‘tkazish, xalqaro federatsiyalar rahbarlarini O‘zbekistonga taklif qilish, nufuzli xalqaro sport tashkilotlariga yurtimiz mutaxassislari ko‘proq jalb etilishini ta’minlash kabi masalalar ham ko‘rildi.

Ma’lumot uchun, yoshlar Osiyo o‘yinlari 14-18 yosh oralig‘idagi (futbolda U-14 jamoasi) sportchilar o‘rtasida 5 kundan kam va 8 kundan ko‘p bo‘lmagan kunlar oralig‘ida o‘tkazilishi lozim. Musobaqa davomida mamlakatimizga 6000 nafar mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda.

O‘zA