Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha “Masters” musobaqasining ikkinchi kunida hamyurtimiz Hikmatilloh To‘rayev (-73 kg.) bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Kanadalik Entoni Busharga qarshi bahsda hamyurtimiz vazari bahosi bilan ustun keldi va dzyudo bo‘yicha terma jamoamizning mavsumdagi ilk medalini taqdim qildi. Ta’kidlash joiz, bu Hikmatilloh uchun “Masters” musobaqalaridagi ilk medaldir. Surxondaryolik polvonimiz shu bilan birga Tokio Olimpiadasi reytingi uchun 900 ochkoni ham o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ymoqda.

Umuman, kecha musobaqada ishtirok etgan vakillarimiz quyidagi reyting ochkolariga ega bo‘ldi:

-73 kg: Hikmatilloh To‘rayev – 900

-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev – 468

-81 kg: Kamoliddin Rasulov – 200

-70 kg: Gulnoza Matniyazova – 200.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha bugun “Masters” musobaqasi o‘z yakuniga yetadi. Ya’ni bugun og‘ir vaznli polvonlar medallar uchun kurash olib boradi.

Bahslar davomida 2020 yil mamlakatimizning eng yaxshi sportchisi nomini qo‘lga kiritgan Davlat Bobonov (-90 kg), Muhammadkarim Xurramov (-100 kg) hamda Bekmurod Oltiboyevning (+100 kg) ishtirokiga guvoh bo‘lamiz.

Vakillarimiz musobaqani quyidagi raqiblariga qarshi boshlashadi:

-90 kg: Davlat Bobonov – Hatam Abdulqahhor (Misr)

-100 kg: Muhammadkarim Xurramov – Kayxan O‘zchichek-Takagi (Avstraliya)

+100 kg: Bekmurod Oltiboyev – Levani Matiashvili (Gruziya).

 

O‘zA