Rivojlangan jamiyatlardagi xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli ayollar erkaklardan qolishmagan tarzda o‘z faoliyatini olib borishadi.

Ilm-ma’rifatli ayol jamiyatning taraqqiyot yo‘li hisoblanib, aynan u bolalarni tarbiyalab, voyaga yetkazadi. Ularning ongi, dunyoqarashi, bilim darajasini shakllantiradi.

Bu borada Davlatimiz rahbari 2020 yilning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida «Binobarin, agar biz farzandlarimizni sog‘lom va barkamol, Vatanga sodiq insonlar etib voyaga yetkazish niyatida ekanmiz, avvalo, xotin-qizlar uchun ilm-fan va kasb-hunar yo‘llarini keng ochib berishimiz kerak», deb alohida tashabbus ko‘rsatganlarini ta’kidlash o‘rinlidir. Buning natijasida keyingi yillarda nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham o‘z aql-salohiyati, zakovati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib, e’tirof etilayotgan xotin-qizlarimizning safi ko‘payib bormoqda. Dilfuza Egamberdiyeva esa mana shunday tinib-tinchimas, chinakam o‘zbek olimalaridan biri hisoblanadi.

Quvonarlisi, Dilfuza Egamberdiyeva yaqinda AQSH mikrobiologiya jamiyatining (ASM) O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi. Buni yurtimiz xotin-qizlariga bo‘lgan ishonch va rag‘bat deb aytsak o‘rinli bo‘ladi. Dunyodagi eng qadimgi va eng yirik yagona tabiiy fanlar jamiyati bo‘lgan AQSH mikrobiologiya jamiyati (ASM)ning faoliyati mikrobiologiya fanini targ‘ib qilish va rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur muassasa jamiyatning ilmiy tadqiqot salohiyatini oshirib, global hamkorlik va ta’lim dasturlari orqali dunyo bo‘ylab barqaror sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlashga yordam beradi. Dilfuza Egamberdiyevaning vazifasi AQSH mikrobiologiya jamiyatining mamlakatdagi faoliyatini ta’minlash, o‘zaro hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishdan iborat.

Dilfuza Egamberdiyeva Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Biologiya fakultetini tamomlab, 2000 yilda Berlinning Gumboldt universiteti, Qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik fakultetida fan doktori ilmiy darajasini olgan. Fan doktorlikdan keyingi tadqiqotlarini Helsinki, Manchester, Leyden, Florensiya universitetlari hamda Germaniyaning Qishloq xo‘jaligi markazida davom ettirgan. «Ilmni mehnatsiz egallab bo‘lmas» deganlaridek, tinib-tinchimas Dilfuza Egamberdiyeva 2019 yilda Xitoy fanlar Akademiyasi, Shinjon Ekologiya va geografiya institutida professor lavozimida faoliyat olib borgan. Ular bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorlik natijasida joriy yilda O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida ochilgan O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma laboratoriyasiga rahbarlik qila boshladi.

Dilfuza Egamberdiyevaning tadqiqotlari o‘simlik va tuproq mikrobiomini o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ayni paytda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlari olimlari bilan hamkorlik qilmoqda. Shogirdlariga ilm yo‘lida sarbon bo‘lib yo‘l ko‘rsatayotgan hamyurtimiz 2014 yildan beri Global yoshlar Akademiyasi a’zosi, shu bilan birga 2017-2018 yillarda Germaniya federal hukumatining amaliy va gumanitar fanlari bo‘yicha ekspert kengashi a’zosi sanaladi. 2018-2019 yillarda esa BMT ning dunyo oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi (HPLE) ekspert kengashi a’zoligida faoliyat olib borgan.

Muxtasar aytganda, Dilfuza Egamberdiyeva mazkur lavozimi va shijoati orqali vatanimizda eng muhim sohalardan biri bo‘lgan Mikrobiologiya sohasini rivojlantirib, O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqot borasidagi hamkorliklarini kengaytirishga o‘z hissasini qo‘shadi degan umiddamiz.

Raima SHIRINOVA,
O‘zMU Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori, professor