Hurmatli vatandoshlar!
Jumladan, o‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Yurtimizda 2001 yildan buyon har yili 31 avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida uning bo‘limlari tashkil etildi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etildi, ijod maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda.
Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy o‘zlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatag‘on qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot namoyandalarining, oddiy kasb egasi bo‘lgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Bu boradagi tarixiy ma’lumotlarni xolis va haqqoniy o‘rganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday og‘ir va mashaqqatli kurashlar bilan qo‘lga kiritilganini, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashash kerakligini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi.
Ko‘p millatli xalqimizning fidoyi farzandlari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan bog‘liq haqiqatni to‘la yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash, bu boradagi ishlarning ko‘lami va samarasini oshirish maqsadida Davlatimiz rahbari yana bir xayrli va savobli ishga qo‘l urdilar.
Prezidentimizning Farmoyishi bilan mustamlakachilik davrida qatag‘on qilingan fidoyi kishilar xotirasini abadiylashtirish, ularning hayoti va faoliyatini, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzildi.
Farmoyishda Ishchi guruh o‘z faoliyatini keng jamoatchilik va mutaxassislar fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda tashkil etishi lozimligi alohida uqtirilgan.
Mana shu mas’uliyatli vazifadan kelib chiqib, aziz yurtdoshlar, sizlarga murojaat qilamiz:
– oilangizda, mahallangizda, qishloq yoxud tumaningizda, shahringizda yashagan, qatag‘on qurboni bo‘lgan kishilar hayoti va faoliyatiga daxldor hujjatlar, ular bilan bog‘liq buyumlar, yaqin kishilaringizdan eshitgan xotiralaringiz bo‘lsa,
– fuqarolar urushi, kollektivlashtirish davri, shaxsga sig‘inish yillari o‘z ona yurtidan quvg‘in qilingan, yaqin va uzoq xorijda yashashga mahkum bo‘lgan qarindosh-urug‘laringiz to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lsa,
– “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi” degan nohaq ayblovlar jarayonida sudlangan, jabr ko‘rgan va qurbon bo‘lgan yaqinlaringiz haqidagi materiallar bo‘lsa,
barcha tafsilotlari, hujjat namunalari, ismi sharifi va manzillari aniq va xolis yoritilgan holda maktub va boshqa jo‘natmalar shaklida yoxud shaxsiy murojaat yo‘li bilan Ishchi guruh, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi idorasi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda uning hududlardagi oliy ta’lim muassasalaridagi bo‘limlariga yo‘llashingizni iltimos qilamiz.
Xalq va Vatan hurriyati, mustaqillik va adolat tantanasi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan har bir vatandoshimizning ismi sharifini tiklash va xotirasini abadiylashtirishday mas’uliyatli va savobli ish barchamizning siyosiy va fuqarolik burchimizdir.
Respublika ishchi guruhining manzili: 100011, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, A.Navoiy ko‘chasi, 69-uy, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi.
Elektron manzil: info@muzey-xotira.uz.