Davlat komissiyasining 2020-yil 19-iyuldagi 1-son bayoni bilan Davlat test markazi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, 2020-2021-oʻquv yili qabulida test sinovlarida abituriyentlarni tibbiy niqob, qoʻlqop, ruchka, ichimlik suvlari, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishi belgilangan.
Shuningdek, Davlat komissiyasining 2020-yil 28-avgustdagi 3-son bayoni bilan Davlat test markazi 2020-2021-oʻquv yili qabulida kirish test sinovlari ochiq stadionlar va xiyobonlarda oʻtkazilishi munosabati bilan quyosh nuridan himoyalash maqsadida, abituriyentlarni bosh kiyim (kepka) bilan taʼminlash uchun ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan.
“BOBURXON BN NODIRXON” korxonasi bilan dastlab tuzilgan shartnomaga binoan korxona 1 mln dona bosh kiyim (kepka)ni 6 174 soʻmdan 6 174 000 000 soʻmga, 15 % qoʻshimcha qiymat soligʻi bilan birga 7 100 100 000 soʻmga yetkazib berishi kerak boʻlgan.
Lekin korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, qoʻshimcha kelishuv imzolangan va 6 174 soʻmdan jami 69 506 dona bosh kiyimni 429 130 044 soʻmga, 15 % qoʻshimcha qiymat soligʻi bilan birga 493 499 550,60 soʻmga yetkazib bergan.
Mazkur korxona bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun boshqa korxonalar bilan ham bosh kiyim yetkazib berish boʻyicha shartnomalar imzolangan.
Guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlar ertalab 06:00 dan kechki 20:00 qadar 15 soat davomida test sinovlari oʻtkaziladigan hududda boʻlganligi sababli ularni sifatli tushlik bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida har bir hududda turli korxonalar bilan shartnomalar imzolangan.
Bunda eng qimmat shartnoma Toshkent shahri uchun boʻlib, 13 kunga 12610 dona tushlik (bir martalik idish, ovqat, salat, non, suv, bulochka) ning har biriga 31 000 soʻmdan (yetkazib berish bilan birga) jami 390 910 000 soʻmga imzolangan.
Undan keyingi eng qimmat shartnoma Samarqand viloyatida imzolangan boʻlib, bunda 12 kunga 5467 dona tushlikning har biriga 25 000 soʻmdan jami 136 675 000 soʻmlik shartnoma imzolangan.
Shuningdek, jami abituriyentlardan 80 milliard soʻmdan koʻproq pul tushgan. Bu haqda AOKA zalida oʻtkazilayotgan matbuot anjumanida Davlat test markazi direktori oʻrinbosari Sardor Rajabov maʼlum qildi.
— Stadionlarning faqat 2 yoki 3 tasi bilan shartnoma tuzib, oʻtkazib berganmiz. Qolgan holatlarda stadionlar hokimliklar tomonidan taqdim etilgan, — deya qoʻshimcha qildi u.

 

O’zA