Yаngi tashabbuslarga zamin yaratdi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida “Shoʻrlangan yerlarning shoʻrini yuvish” mavzusida koʻrgazmali ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Bu haqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati OʻzA muxbiriga malum kildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi va Qishloq xoʻjaligi vazirliklari, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti, Amudaryo havzasida joylashgan viloyatlarning suv xoʻjaligi mutaxassislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi barcha tizim tashkilotlari va tuman irrigatsiya boʻlimlari masʼul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
photo_2020-10-29_21-17-08.jpg
photo_2020-10-29_21-17-24.jpg
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida suv xoʻjaligi sohasini rivojlantirish, mavjud suv manbalaridan samarali foydalanish va ekin maydonlarining shoʻrlanish darajasini kamaytirish boʻyicha qator vazifalarni belgilab bergan edi. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Ishchi guruh ekin maydonlarini koʻzdan kechirib, Qoraqalpogʻistonda yer maydonlarini lazer qurilmalari yordamida tekislash va shoʻr yuvishni tashkil etish boʻyicha koʻrgazmali ilmiy-amaliy seminar uyushtirishga kelishib oldi. Koʻrgazmali ilmiy-amaliy seminarni oʻtkazish va shoʻr yuvishga yerlarni tayyorlash uchun Beruniy tumanidagi klaster tashkilotiga tegishli maydonlar tanlandi. Yerlarni tayyorlashdan oldin va keyingi holatini solishtirish, yer qoʻshish ishlarini tahlil qilish maqsadida hudud dron yordamida foto va video syomka qilindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri J.Uzaqovning taʼkidlashicha, mazkur hududdagi ekin maydonlarini shoʻr yuvishga tayyorlash bir necha bosqichda amalga oshirildi. Lazerli uskuna yordamida dala oʻrtasidagi marzalar, past-baland yerlar tekislandi. Elektr simyogʻochlar dala chetiga koʻchirilib, 2,2 gektar qoʻshimcha yer qoʻshildi.
Bu ishlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tizim tashkilotlari, jumladan, Paxta Arna-Nayman irrigatsiya tizimi boshqarmasi, Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, tuman irrigatsiya boʻlimidan jami 100 nafardan ortiq ishchi-xodim, hududdagi sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalashga 7 ta maxsus texnika jalb qilindi. Ilmiy-amaliy seminarda shoʻrlangan maydonlarda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar, qoʻllaniladigan vositalar haqida maʼlumotlar berildi va maxsus kesuvchi qurilma bilan jihozlangan innovatsion Hyundai R220LC-9S ekskavatorining taqdimoti oʻtkazildi.
photo_2020-10-29_21-17-48.jpg
photo_2020-10-29_21-17-52.jpg
Ishtirokchilar ijtimoiy masofani saqlagan holda guruhlarga boʻlinib, peshlavhalardagi taqdimotlar va daladagi amaliy ishlar bilan tanishdilar. Ular oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Tadbirda chet ellik investorlar ham ishtirok etdi. Ular bilan yangi rejalar muhokama qilindi. Jumladan, Jahon banki ishtirokida “Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi belgilangan jadval boʻyicha 2021-yilning sentyabr oyida yakunlanishi kerak edi.
Suv xoʻjaligi sohasi oldiga qoʻyilayotgan talablardan kelib chiqib, bu boradagi ishlarni yana-da jadallashtirish maqsadida pudratchi tashkilotlar bilan muzokaralar oʻtkazildi. Investorlar bilan birgalikda “Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasini 2021-yilning mart oyi oxirigacha tugatish boʻyicha jadval ishlab chiqish va ishlarni jadal surʼatlarda olib borishga kelishib olindi.
photo_2020-10-29_21-17-11.jpg
photo_2020-10-29_21-17-21.jpg
Anjumanda taʼkidlanishicha, endilikda oldingi yillardagidek, oylab shoʻr yuvishga suv berishning imkoni yoʻq. Mavjud suvlardan oqilona foydalanish uchun esa yerlarni shoʻr yuvishga sifatli tayyorlash lozim. Shu bois joriy yilda bu tadbirga alohida tayyorgarlik koʻrilmoqda. Masalan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2020-2021-yillarda kuzgi-qishki davrda jami 155,72 ming gektar maydonda shoʻr yuvish tadbirlarini oʻtkazish belgilangan.
Shundan, 23,37 ming gektari kuchli shoʻrlangan maydon boʻlsa, 77,85 ming gektari oʻrta va 54,49 ming gektari kuchsiz shoʻrlangan maydon hisoblanadi. Bu borada barcha tumanlardagi ekin maydonlari kesimida shoʻrlanish darajasi va shoʻr yuvish tadbirlarini oʻtkazish jadvallari ishlab chiqilgan. Tadbir yakunida Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida 2020-2021-yillarda kuzgi-qishki shoʻr yuvish va yerlarni lazer uskunasi yordamida tekislash boʻyicha koʻrgazmali seminarlar oʻtkazishga kelishib olindi. Shuningdek tadbir doirasida matbuot anjumani ham oʻtkazildi.
Koʻrgazmali seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Sh.Xamroyev nutq soʻzladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA