BMTda Afgʻoniston boʻyicha alohida qoʻmita tuzish taklif qilindi

Oʻzbekiston qoʻshni Afgʻonistondagi mojaroni bartaraf etishga katta eʼtibor qaratib kelyapti. 
Ushbu muammo Oʻzbekiston rahbarining xalqaro kun tartibidagi eng ustuvor masala desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Prezidentimiz kuni kecha BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasidagi nutqida ham Afgʻoniston muammosiga yana bir bor toʻxtalib, “Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afgʻon xalqining ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir”, deb alohida taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishida Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish masalalari BMTning doimiy eʼtibor markazida boʻlib qolishi zarurligini taʼkidlab, BMT huzurida Afgʻoniston boʻyicha alohida qoʻmita tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Doimiy faoliyat olib boradigan ushbu qoʻmitaning asosiy vazifasi ushbu mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarur.
Haqiqatan ham, bugungi kunda bunday tuzilmani tashkil qilishga zarurat juda yuqori. Toʻgʻri, Afgʻoniston muammosining yechimi bilan shugʻullanuvchi turli xalqaro va mintaqaviy idoralar bor, biroq na BMTda, na uning biror bir ixtisoslashgan muassasasida doimiy faoliyat olib boruvchi institutsional tuzilma mavjud emas. Qolaversa, BMTda Afgʻoniston boʻyicha aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirib turish har doim muammo boʻlib kelgan.
Shu bois, davlatimiz rahbarining ushbu taklifi juda dolzarb. Agar BMT huzurida shunday qoʻmita tashkil qilinadigan boʻlsa, u bir tomondan, aʼzo davlatlarning Afgʻoniston masalasidagi bir yoqlama yondashuvlarini yagona platformaga solib, neytarallashtirib turadi. Ikkinchi tomondan esa, davlatlarning saʼy-harakatlarini yagona oʻzanga solib, ularning bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishini taʼminlaydi.
Taklif etilayotgan qoʻmita jafokash afgʻon xalqining qaddini tiklashga, Afgʻonistonda milliy tiklanish va rivojlanishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz bundan 3 yil oldin, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida (2017-yil sentyabr) ham Afgʻoniston masalasiga toʻxtalib oʻtgan va bu yerdagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha muhim taklif bildirgan edi. Ana shu taklif asosida 2018-yil 26-27-mart kunlari BMT shafeligida “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasi tashkil etilgan edi.
Mazkur anjuman Afgʻonistonda oʻzaro kurashayotgan kuchlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni boshlash zarurligi toʻgʻrisida mintaqaviy va global darajada konsensusni shakllantirib berdi. Konferensiya yakunlari natijasida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi esa Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishning oʻziga xos strategiyasiga aylandi.
Hozir Afgʻonistondagi keskin vaziyat ancha yumshagan boʻlib, siyosiy ritorika ham ijobiy tomonga oʻzgardi. 12-sentyabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida afgʻon hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tinchlik muzokaralari boshlangan boʻlib, tomonlar, juda ehtiyotkorlik bilan boʻlsa-da, ehtimoldan holi boʻlmagan sulh kelishuvi toʻgʻrisida gapira boshladilar. Demak, Afgʻonistonda har qachongidan koʻra tinchlikka yaqin, bu yerda osuda hayotni oʻrnatish imkoniyati paydo boʻlmoqda.
Oʻzbekiston ichki afgʻon yarashuvi jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Bu mamlakatimiz milliy manfaatlariga har tomonlama mos keladi. Zero, Afgʻonistondagi osuda hayot Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi kooperatsiya uchun ulkan imkoniyatlar ochib beradi.
Qodir Joʻrayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

O’zA