YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim ushbu tashabbusni juda iliq kutib oldi va uni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali qoʻllab-quvvatladi. Tashkilot rahbari ushbu tadbirning muhimligi va oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼkidladi. Uning fikricha, “xalqaro forum Markaziy Osiyoning umumiy madaniyatiga shoʻngʻish imkoniyatini yaratadi”.
“Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuidagi xalqaro forumni oʻtkazishga qiziqish yuqoriligini quyidagi jihatlarda koʻrish mumkin.
Avvalo, bu forum YUNESKO mandatiga kiruvchi asosiy yoʻnalishlar – ilm-fan va madaniyatni targʻib qilishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida taʼkidlaganidek, mintaqamizning koʻhna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, tashabbus YUNESKO faoliyatiga toʻla mos tushadi. Tashkilot bir necha oʻn yillar davomida Markaziyo Osiyo madaniyati va tarixi haqida ulkan tadqiqotlar olib bormoqda. YUNESKOning “Buyuk ipak yoʻli” maxsus onlayn platformasida mintaqamizga tegishli koʻplab madaniy va ilmiy artefaktlarning nusxalari toʻplangan. Bugungi kunda “Ipak yoʻli” dasturi doirasida izlanishlar va tadqiqotlar davom etmoqda. YUNESKO 6 tomdan iborat “Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixi” nomli kitoblar toʻplamini ham nashr qilgan.
Prezidentimizning ushbu tashabbusiga qiziqish yuqoriligi YUNESKO bilan tobora mustahkamlanib borayotgan ikki tomonlama aloqalarimiz mahsuli, desak toʻgʻri boʻladi. Prezidentimizning YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan 2018-2019-yillarda Parij va Samarqandda boʻlib oʻtgan uchrashuvlari natijasida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. YUNESKO rahbariyati Oʻzbekiston hukumatining oʻzaro aloqalarni kengaytirishga intilishlarini doim yuqori baholab keladi.
Qolaversa, YUNESKO Oʻzbekiston bilan hamkorlikda yirik xalqaro madaniy-marifiy va ilmiy tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha katta tajribaga ega. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda oʻtkazilgan “Sharq taronalari”, Baxshichilik va Maqom festivallari ushbu tashkilot shafeligida oʻtkazildi. Bundan tashqari, oʻtgan yili Samarqandda YUNESKO ishtirokida “Moddiy va nomoddiy merosni saqlash: dolzarb muammolar va ularni yechish strategiyasi” mavzuida xalqaro anjuman tashkil etildi.
Oʻzbekistonning YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi Prezidentimizning ushbu tashabbusini amalga oshirishga kirishdi. Forumni oʻtkazishning tashkiliy va boshqa masalalari boʻyicha YUNESKO vakillari bilan muzokaralar boshlandi.
Ishonchim komil, Oʻzbekiston hukumati va YUNESKOning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan ushbu tadbir eng yuqori saviyada oʻtkaziladi va nafaqat mintaqa davlatlari, balki butun xalqaro hamjamiyat yodida yorqin va uzoq muddat qoladi.