Toʻy sayliga chiqqan toʻqqizta avtomobil jarima maydonchasiga qoʻyildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida yuz bergan “Karantindagi toʻy” deb nomlangan videotasvir tarqaldi. 
Mazkur videoda bitta fuqaroning avtomashinaning tepa (lyuk) qismidan tanasini chiqarib ketayotganligi aks etgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV YHXB Axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, mazkur voqea 2020-yil 5-sentyabr kuni Amudaryo tumani Amudaryo ovul fuqarolar yigʻini hududida sodir boʻlgan. Fuqaro K.Oʻ. ning uylangan toʻyida kelin-kuyov va uning doʻstlari ushbu hududda oltita “Captiva”, bitta “Malibu” va “Lacetti” hamda bitta “Matiz” avtotransport vositalari bilan toʻy sayliga chiqqan.
Tizilib harakatlangan toʻqqizta avtotransport vositalari boshqaruvchilari yoʻl harakati qoidalariga amal qilmagan va N.J. ismli fuqaro mashinaning tepa (lyuk) qismidan tanasini chiqarib yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan.
Avtotransport boshqaruvchilariga chora koʻrish maqsadida Qoraqalpogʻsiton Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida” gi kodeksning 129-moddasiga asosan maʼmuriy chora koʻrilib, avtotransport vositalari vaqtincha saqlash jarima maydonchasiga qoʻyilgan.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA