Bu davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq o‘z oilasi bag‘riga qaytgan nukuslik Temur Bekimbetov qalbidan yangragan samimiy so‘zlar.
Nukus shahri Suyenli ko‘chasi 128-uyda nafaqadagi onasi Zuhra O‘tepova va ikki inisi bilan yashaydigan Temur Bekimbetov 2009 yili O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasi bilan 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Yoshlik qilib, oqibatini o‘ylamasdan shu yo‘lga kirganidan juda-juda pushaymon bo‘lgan Temur Prezidentimiz farmoniga muvofiq afv etildi.
…1986-yilning 30-mayida Nukus shahrida tug‘ilgan Temurning otasi Xolmurza erta vafot etdi. Yolg‘iz onaning uch o‘g‘il tarbiyasiga kuchi yetmadi, katta farzand Temur Nukus gidromelioratsiya kasb-hunar kollejini 2004-yilda uchinchi bosqichda tashlab ketdi. Turli idoralarda ishlab yurib, o‘ziga ko‘chadan “do‘stlar” orttirdi, ichkilikning “mazasi”ni tatib, unga ruju qo‘ydi. Oiladagi nazoratsizlik, mahalla-ko‘yning e’tiborsizligi oqibatida yoshgina yigit diniy oqimga qo‘shilib, jinoyat ko‘chasiga kirib qoldi.
– Sakkizinchi dekabr kuni uyimga kirib kelgan bo‘lsam-da, xursandchilik hayajoni hali-hamon bosilgani yo‘q, – deydi Temur. – Sira kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganimdan juda afsusdaman. Men jazoni o‘tash muassasasida qilgan ishim qonunga xilof ekanini to‘la anglab yetdim. U yerda eshitgan o‘git-nasihatlar, belgilangan tartib-qoidalar meni hayotga boshqacha ko‘z bilan qarashga, ota-ona, aka-ukaning qadriga yetish, ozodlik nechog‘li buyuk ne’mat ekanini anglashga o‘rgatdi. Mening juda og‘ir jinoyatimni afv etgan Prezidentimizdan bir umr minnatdorman. Meni kechirishlariga hech ishonmagandim. To‘g‘risi, kechirish qiyin edi bunday nonko‘rlikni. Xalqimiz kechirimli, Prezidentimiz bag‘rikeng. Endi hayotimni yangidan boshlamoqchiman. El-yurt ravnaqi yo‘lida foydali mehnat qilib, yoshlik kuch-g‘ayratimni oilam farovonligi uchun sarflayman. Hayotda o‘z o‘rnimni topib ketishimga mahalla oqsoqollari, profilaktika inspektori yaqindan yordam berayotganidan xursandman. Oila qurib, farzandlarimni yurtga sodiq insonlar qilib tarbiyalashga va’da beraman. Yoshlarga aytar so‘zim: hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmang, keksalarning, ota-onangizning nasihatiga amal qiling, ularning duolarini oling. Meni Prezidentimiz kechirdi, endi umrim bo‘yi mana shu bag‘rikenglikni oqlash, xalqimizga, ozod va obod yurtimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beraman.