Parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan 2018-yilgi soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining loyihasi muhokama qilindi.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar samarasida davlat tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat huquqiy, tashkiliy jihatdan, balki iqtisodiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, o‘tgan davr mobaynida davlat byudjetidan ajratilgan 60 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtma shaklida berildi.

2017-yil nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan 12 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2018 yil mazkur maqsadlar uchun 15 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu joriy yilga nisbatan 25 foiz ko‘p demakdir. Shuningdek, kelasi yil fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini moliyalashtirish maqsadlariga ham joriy yilga nisbatan 25 foiz ko‘p mablag‘ ajratiladi va u 640,5 milliard so‘mni tashkil etadi.

Moliya vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda fuqarolik jamiyati institutlariga ijtimoiy sheriklik doirasida moddiy yordam ko‘rsatadigan shaxslarga soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash mexanizmini mustahkamlash, kam ta’minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam tayinlashning huquqiy asosini yanada takomillashtirish va boshqa masalalar bo‘yicha takliflar berildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA