Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni videoaloqa orqali neft-gaz kimyosi, elektr texnikasi va farmatsevtika sanoatidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda ushbu tarmoqlarni rivojlantirish ishlari boʻyicha hisobotlar bilan tanishdi.
Butun dunyoni qamrab olgan pandemiya jahon iqtisodiyotiga jiddiy salbiy koʻrsatayotgan bugungi sharoitda mamlakatimizda sanoatni barqaror rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, ularni monetizatsiya qilish yoʻlidan bormoqda. Yaʼni, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, iqtisodiy samaradorlikni oshirish choralari koʻrilmoqda.
Taqdimotda neft va gaz kimyosi tarmogʻidagi ana shunday yangi loyihalar boʻyicha maʼlumot berildi.
Oʻtgan yili 28-dekabrda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda uning 2-bosqichi loyihalashtirilmoqda. Ushbu loyiha qiymati 440 million dollar atrofida boʻlishi moʻljallanyapti. 650 kishi ish bilan taʼminlanishi, yiliga 132 million dollarlik mahsulot tayyorlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilgani natijasida katta hajmdagi tabiiy gaz tejaladi.
25 million dollarlik navbatdagi loyiha vodorod peroksidi ishlab chiqarishga moʻljallangan. Tozalash-dezinfeksiyalash xususiyatiga ega bu modda farmatsevtika, tibbiyot, toʻqimachilik va maishiy hayotda keng qoʻllaniladi. Loyiha natijasida 50 ta ish oʻrni yaratilib, yiliga qariyb 20 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Ushbu korxonani 2021-yil sentyabrda Navoiy viloyatida ishga tushirish rejalashtirilgan.
“Navoiyazot” AJda qiymati 18 million dollardan ziyod boʻlgan yana bir loyiha – karbamid formaldegid konsentrati ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Joriy yil mart oyida mazkur korxona qurilishi boshlangan, uni kelgusi yil martda foydalanishga topshirish moʻljallangan. Bu yerda yiliga 9 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarilib, 1 million dollarlik eksport qilinadi, 50 ta ish joyi ochiladi.
Qiymati 12 million dollar boʻlgan karboksimetilsellyuloza asosida reagentlar ishlab chiqarish loyihasi qurilish, burgʻulash, oziq-ovqat sanoati va tibbiyot uchun muhim ahamiyatga ega. Shu yil mart oyida Yuqori Chirchiq tumanida uning birinchi bosqichi ishga tushirilgan. 2023-yilgacha barcha toʻrt bosqich amalga oshirilgach, import oʻrnini bosuvchi 9 million dollarlik, eksportga yoʻnaltiriladigan 13 million dollarlik mahsulot tayyorlanadi. 100 ta ish oʻrni tashkil etiladi.
Koʻpikli polipropilen ishlab chiqarish loyihasining qiymati 5 million dollar boʻlib, uning natijasida 40 ta ish oʻrni yaratiladi, 8 turdagi yangi mahsulot oʻzlashtiriladi. Bu mahsulotlar issiqlik saqlovchi qutilar, xavfsizlik shlemlari, avtomobil oʻrindiqlari, oʻyinchoqlar va boshqa buyumlar tayyorlashda qoʻl keladi. Ushbu korxonani 2021-yil avgustda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur loyihalar taqdimoti bilan tanishib, ularni jadallashtirish va sifatli amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Tizimdagi ishlarni davom ettirib, qurilish, avtomobilsozlik, farmatsevtika sohalarida talab yuqori sintetik tolalar, poliefir smola, polimerlar, aromatik uglevodorodlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining birinchi yarim yillikdagi faoliyati yakunlari ham muhokama qilindi.
Karantin davrida ham tizimdagi barcha korxonalarda uzluksiz ishlashga shart-sharoit yaratildi. Natijada olti oylik rejalar bajarilib, qoʻshimcha 1 milliard kub metr tabiiy gaz, qariyb 22 ming tonna kondensat va 1,2 ming tonna neft qazib chiqarishga erishilgan. 11 ta loyiha boʻyicha jami 846,5 million dollar investitsiyalar oʻzlashtirilgan.
Prezidentimiz ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirib, importni qisqartirish, sohaga raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, uglevodorodlarni qazib olish hajmini koʻpaytirish boʻyicha istiqbolli loyihalarga xorijiy investorlarni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda farmatsevtika va elektr texnikasi sanoatining rivojlanish holati, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, ushbu tarmoqlar eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan investitsiya loyihalarining borishi ham koʻrib chiqildi.
Mamlakatimizda elektr texnikasi sanoatida 429 korxona mavjud boʻlib, ularda 70 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, tarmoqda 897,5 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 250,3 million dollarlik eksport qilingan.
Farmatsevtika sanoatida 202 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2019-yil yakunida bu tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 170 million dollarni, eksport 22,1 million dollarni tashkil etgan.
Ushbu ikki tarmoqda 52 mingdan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan.
Farmatsevtika korxonalarining aksariyati oddiy formulali dori-darmonlarni ishlab chiqarish bilan cheklanmoqda. Shu bois import qilinadigan mahsulotlar ulushi 79 foizni tashkil etadi. Bu hali foydalanilmayotgan ulkan salohiyat mavjudligidan dalolat beradi. Ayni paytda farmatsevtika sanoatida umumiy qiymati 630 million dollar boʻlgan 93 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, shundan 355 million dollari xorijiy investitsiyalardir. Ushbu loyihalarni amalga oshirish 5,5 ming ish oʻrni yaratilishini taʼminlaydi.
Yigʻilishda tegishli tarmoq, vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Davlatimiz rahbari farmatsevtika va elektr texnikasi sanoatini rivojlantirish, ularning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sharoitida barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalarni qoʻydi.
Ilmiy rivojlanishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishni ragʻbatlantirish, shu jumladan qoʻshimcha erkin iqtisodiy zonalar va ilgʻor rivojlanish hududlarini yaratish, ushbu sohalardagi korxonalar oʻrtasida kooperatsiyani chuqurlashtirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va uning raqobatdoshligini oshirish, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorga eksportini koʻpaytirish, shuningdek, elektrotexnika va farmatsevtika sohasidagi kadrlar salohiyatini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.