Markaziy Osiyoning tinchligi va barqarorligi taraqqiyot va farovonlik nuqtayi nazaridan birlamchi masala. Shu zaminda yashayotgan xalqlarning ahilligi va hamjihatligi, tom maʼnodagi siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashning bosh garovi.
Bu yerda boʻy koʻrsatadigan uchqun ertaga alanga olmasligi, hoʻlu quruq barobar yonadigan otashga aylanmasligi, qulay vaziyatni kutib turgan geosiyosiy oʻyinchilar esa mintaqada barqaror oʻrnashish maqsadida panjasini yoymasligiga hech kim kafolat berolmaydi.
Tan olish kerak, Markaziy Osiyoda yillar mobaynida davom etib kelgan sovuq munosabatni yaxshilashda Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqa davlatlari oʻrtasidagi muloqotlarni yaxshilash, chegaralarni ochish, viza tartiblarini bekor qilish, xalqlar oʻrtasida bordi-keldini yoʻlga qoʻyish borasidagi tashabbuslari qoʻl keldi. Oʻrtadagi muzliklar, baland-baland aysberglar eridi.
Doʻstlik koʻpriklari tiklandi, ishonch mustahkamlandi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi direktori vazifasida ishlagan, ayni paytda Yevropa Markaziy bankiga rahbarlik qilayotgan Kristina Lagard Shavkat Mirziyoyev tashabbusidan keyin mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro mahsulot ayirboshlash hajmi 50 foizga oshganini eʼtirof etdi. Ahvol shu tarzda davom etsa, mintaqaga kiritiladigan investitsiyalar oqimi keskin oshishi bashorat qilindi.
Afsuski, Soʻxda – oʻzbek va qirgʻiz chegaradosh hududida ikki xalq vakillari oʻrtasida yuz bergan mojaro, oʻtgan yil iyuldan beri Qirgʻiziston bilan Tojikiston chegara uchastkalarida davom etayotgan ayrim toʻqnashuvlar barchamizni birdek tashvishga soldi.
Bu mojarolar kecha yoki oʻtgan kuni toʻsatdan sodir boʻlib qolgan emas, ildizi chuqur. Aniqrogʻi, oʻsha vaqtdagi sovet hukumati davlatlar chegarasini shunday belgilaganki, vaqt oʻtishi bilan “portlaydigan bomba” vazifasini oʻtashini xohlagan. Sovetlarning milliy davlat chegaralash siyosati natijasida masalan, Qirgʻizistonning bir qismi Tojikiston yoki Oʻzbekiston ichkarisida, Oʻzbekistonning bir boʻlagi esa Tojikiston yo Qirgʻiziston hududida qolib ketgan. Bunday chigalliklar Markaziy Osiyo davlatlarining barchasida mavjud.
Oʻzbekiston qoʻshnilar uchun doimo ochiq. Dunyoning har qanday mamlakati bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarni oʻzaro manfaatli asosda, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga kelgan muammolarni tinch, siyosiy va diplomatik muzokaralar yoʻli bilan hal qilish tashqi siyosatimizning asosiy tamoyillaridan. Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosati, koronavirusdek ofat tarqalgan kezda ham oʻz nonini qoʻshnilari bilan boʻlishishi yirik geosiyosiy kuchlarga tinchlik bermayotgani aniq. Boz ustiga, mustabid tuzum davridan meros milliy chegaralanish siyosati ham ularga qoʻl kelmoqda.
Mintaqadagi barcha mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yechimi faqat doʻstlik, hamjihatlik va xalqaro muammolarga yagona pozitsiyada yondashuvga bogʻliq ekanini Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday eʼtirof etgandi: “Hamma qoʻshnilar bilan biz doʻst boʻlamiz. Boshqa niyatimiz ham yoʻq. Albatta, koʻp-koʻp muammolar bor, lekin odamzot shuning uchun, rahbariyat shuning uchun borki, bu muammolarni aql bilan, iroda bilan, vazminlik bilan yechish kerak… Har bir davlatning oʻz niyati, oʻz xalqi, oʻz istaklari bor. Shuning uchun biz doʻstlik nuqtayi nazaridan, samimiylik nuqtayi nazaridan, birodarlik nuqtayi nazaridan qoʻshnilarimiz bilan faqat doʻst, doʻst va yana bir marta doʻst boʻlamiz».
Oʻzbekiston oʻzi ham koronavirus epidemiyasini jilovlashga urinayotganiga qaramay, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Eron, Xitoy kabi koʻplab mamlakatlarga tibbiy niqoblar, virusdan himoyalovchi kiyimlar, test tizimlari, oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yordamlarini joʻnatdi. Ayni munosabat oʻzaro hamkorlik, hamjihatlikni yana-da kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Markaziy Osiëning koronavirusga qarshi saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish uchun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziëyev muttasil ravishda uzoq va yaqindagi qoʻshnilar rahbarlari bilan muntazam telefon orqali muloqotlar oʻtkazmoqda.
Oʻzbek va qirgʻiz xalqlari azaldan bir daryoning ikki qirgʻogʻida yaqin qoʻshni sifatida yashab kelgan. Tariximiz umumiy, madaniy va diniy qadriyatlarimiz mushtarak, anʼana va urf-odatlarimiz oʻxshash. Mashhur adib Chingiz Aytmatov aytganidek, “Xalqlarimizning qoni bir, tili bir”.
Hech ikkilanmasdan aytish joiz, Oʻzbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Qirgʻiziston asosiy yoʻnalish sifatida ustuvorlik kasb etadi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlarining soʻnggi 3-4 yildagi oliy darajadagi uchrashuvlari tufayli davlatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida sunʼiy toʻsiqlar bartaraf etildi, chinakam bordi-keldi tiklandi.
2016-yil oxirida Andijon va Oʻshda boʻlib oʻtgan rasmiy delegatsiyalar uchrashuvlaridan soʻng ikki respublika hukumatlari eng asosiy muammo – chegaralar demarkatsiyasi va delimitatsiyasi borasida murakkab ishni amalga oshirishga kirishdi. Tomonlar oʻrtasidagi soʻnggi kelishuvlar bu masalada sezilarli ravishda olgʻa qadam tashlanganidan guvohlik berib turibdi. Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov taʼkidlab oʻtganidek, 2018-yil aprel oyidayoq “Qirgʻiziston bilan hamkorlikning koʻplab yoʻnalishlari boʻyicha oldinga qadam tashlandi, xususan, chegaralar demarkatsiyasi va delimitatsiyasi kabi qiyin, nozik masalada ham. Bugunga kelib deyarli ming kilometr chegara belgilab boʻlindi”.
Darhaqiqat, umumiy uzunligi 1370 kilometrni tashkil etuvchi Oʻzbekiston – Qirgʻiziston chegarasining bugungacha 92 foizdan koʻprogʻi boʻyicha kelishib olingan. Toshkent ham, Bishkek ham muammolarni hal qilish boʻyicha harakatlarni dadil davom ettiryapti.
Muz haqiqatan joyidan koʻchgani oydinlashdi. Nafaqat chegaralarni demarkatsiya qilish, balki fuqarolarning chegaralarni kesib oʻtishi borasida ham siljish kuzatildi. Yaqin-yaqinda chegara oldi nizolari sabab tez-tez toʻqnashuvlarga duch kelgan davlatlar uchun bu oldinga tashlangan katta qadamdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-6-sentyabr kunlari Qirgʻizistonga davlat tashrifi ikki mamlakat rahbarlari tomonidan Samarqandda erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi boʻlib, Oʻzbekiston – Qirgʻiziston munosabatlari rivojida yangi sahifa ochgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi. Buni nafaqat rasmiy doiralar vakillari, balki oddiy qirgʻizistonliklar ham eʼtirof etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda qirgʻizistonlik foydalanuvchilar “Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik abadiy boʻlsin”, “Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi yilning eng yaxshi yangiligidir”, “Oʻzbekiston bizning strategik sherigimiz va Qirgʻiziston hukumati bu hamkorlikni davom ettirish uchun barcha sharoitni yaratishi kerak”, degan fikrlarni yozdi. Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yoʻlidagi ulkan xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonning “Danaker” ordeni bilan mukofotlandi.
Yuksak davlat mukofotlaridan boʻlgan ushbu orden xalqlar oʻrtasida tinchlik, doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga, millatlararo totuvlikni asrash, ilm-fanni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni yaqinlashtirish va boyitishga katta hissa qoʻshgan insonlarga beriladi. “Danaker” – yarashtiruvchi degan maʼnoni anglatadi.
Toʻgʻrisini aytish kerak, 1991-yildan bu yogʻiga oʻzbek-qirgʻiz munosabatlari bir tekis kechmadi. Hatto, 2010-yili ayrim millatchilar tomonidan Qirgʻiziston janubida toʻpolonlar uyushtirildi. Mavjud muammolarga qaramay, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston har doim bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Oʻtgan yili Oʻzbekiston Qirgʻizistonga 100 million dollarlik kredit ajratdi.
Yana bir masala. Osiyoning yetakchi davlatlari bozorlariga chiqishda Qirgʻizistonning tranzit imkoniyatlari biz uchun juda muhim. Masalan, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Xitoyga ushbu davlat orqali yetkazish uchun bor-yoʻgʻi 300 kilometrga yaqin masofani bosib oʻtish kerak, xolos. Demak, Qirgʻiziston orqali Xitoyga oʻtadigan qisqa masofali temir yoʻl ishga tushsa, nafaqat Xitoy, balki Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyo davlatlari bilan aloqalarimiz keskin rivojlanadi. Bu mintaqadagi transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishda yana bir muhim omil boʻladi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari ikki-uch kun avval telefon muloqoti orqali “Chashma” chegara oldi hududida roʻy bergan hodisa bilan bogʻliq masalalarni batafsil koʻrib chiqib, bunday vaziyat boshqa takrorlanmasligi uchun mukammal choralar qabul qilish muhim ekanini taʼkidladi. Hukumat delegatsiyalari oʻtkazgan muzokaralarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Hukumatlararo qoʻshma komissiyasi hamda Chegaradosh viloyatlar maʼmuriyatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlislarini oʻtkazish taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Botken viloyatining Qadamjoy tumanidagi Chechme (Chashma) chegara oldi hududida Qirgʻiziston va Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari birgalikda jamoat tartibini saqlashi va chegarani qoʻriqlashi boʻyicha choralar koʻrishga kelishib olindi.
Albatta, kelishgan, birlashgan yaxshi. Xalqimizda yaxshi bir naql bor: “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar”. Markaziy Osiyo xalqlari unutmasligi kerak, mustamlakachilar har doim “boʻlib tashla, hukmronlik qilasan”, shioriga amal qiladi. Sobiq tuzum Turkiston xalqlari boshiga ne kunlarni solmadi?! Insoniylik va demokratiya tamoyillari toptalib, oyogʻosti qilindi, har qanday oʻzgacha fikr yuritish kuch bilan boʻgʻildi, ommaviy oʻzboshimchalik va zoʻrlik oʻtkazilib, Vatanga sodiq necha oʻn minglab kishilar qirib tashlandi.
Oktyabr toʻntarishi oqibatida Turkistonda zoʻrlik bilan oʻrnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab xalqlarimiz boshiga son-sanoqsiz qirgʻin, dahshatli va alamli kulfatlarni olib keldi. Dahshatli rejimni oʻlka xalqlari hazm qilmadi. Istiqlol uchun, erk va milliy ozodlik uchun 16 yil mobaynida qurolli kurash olib borildi. Bu kurash davomida, xorijdagi ayrim tarixchilar hisobicha, 1 million 900 ming vatandoshimiz Turkistondan bosh olib, xorijiy mamlakatlarga chiqib ketdi. 1 million 700 ming kishi Sibirga, Uzoq Shimol, Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Ural, Qozogʻiston, Uzoq Sharq, Volga boʻyiga badargʻa qilindi.
Stalincha mustabid hokimiyat dastidan milliy respublikalar mustaqilligi, suverenligi barbod etilibgina qolmay, ularning diniy eʼtiqodi, asrlar osha yashab kelgan milliy qadriyatlari, urf-odatlari, rasm-rusumlari ham toptaldi. Dinni, dindorlarni taʼqib qilish xalqlarning maʼnaviy madaniyatiga jiddiy zarar yetkazdi. Maʼmuriy islohot tartibi oʻrnatilishi bilan dinga ilmiy, milliy nuqtayi nazardan yondashish inkor etila boshlandi.
Unutmaylik, mintaqa ziyolilari va dindorlarining asosiy qismi 1930-yillarda konsentratsion lagerlarga joʻnatildi. Masjidlar berkitib qoʻyildi, aksariyati otxona, omborxonaga aylantirildi. Zulmga qarshi adolat oʻrnatilgan boʻlsa-da, stalinizm vujudga keltirgan totalitar tuzum bedodligi va beshafqatligi xalqlarimiz orzu-umidlarini chilparchin qildi. Millatning til-zaboni kesildi, alifbosi oʻzgartirildi, oʻtmishi, tarixi koʻzdan yiroqlashtirildi.
Qatagʻon siyosati sobiq mamlakat miqyosida 50 milliondan ortiq kishini oʻz domiga tortdi. Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyodagi Oʻzbekiston boshlab bergan integratsiya tashabbusi, shu jumladan, Prezidentlarning chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, turli janjallar va adolatlarga barham berish borasidagi intilishlari xalqlarimizning azaliy orzu-armonlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida olib borilayotgan savobli yumushlardir.
Xulosa qilib aytganda, azaliy qardosh, tinchliksevar xalqlarimiz doimo tinchlik, oʻzaro hurmat, yaxshi qoʻshnichilik kabi insoniy fazilatlarni qadrlab kelgan. Tashqi siyosatda, xususan, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo mintaqasida ikki va koʻp tomonlama manfaatli sheriklik tamoyilini yoqlaydigan Oʻzbekiston va yaqin hamkorimiz Qirgʻiziston har qanday vaziyatda bir-birini qoʻllab-quvvatlash, taraqqiyot sari birgalikda odimlashda davom etaveradi.
Abduvali SOYIBNAZAROV,
siyosiy sharhlovchi.
OʻzA