Joriy yilning 29-fevralida Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida uzoq kutilgan va afgʻon xalqi uchun umummilliy yarashuv jarayonini boshlashi mumkin boʻlgan “tinchlik kelishuvi”ning imzolanishi kutilmoqda. Bu esa oʻnlab yillar davom etgan urushga chek qoʻyish va tinchlik sari qoʻyilgan chinakam qadam boʻladi.
Ushbu shartnomaning imzolanishi Afgʻoniston hukumati, ichki siyosiy kuchlar va qurolli muxolifat vakillarining boʻlajak uchrashuvi oldidan muayyan bir umid bagʻishlaydi.
Koʻrinib turibdiki, yuzaga kelayotgan ijobiy oʻzgarishlar koʻp jihatdan mintaqada shakllangan oʻzaro hamjihatlik muhiti bilan bogʻliqdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo, xususan, Afgʻonistonda “tinchlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qoʻshnichilik hududi”ni tashkil etishni mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab berganligi ushbu muhitni yaratishda muhim rol oʻynadi.
Oʻzbekiston rahbarining izchil tashqi siyosati va qatʼiy qarorlari natijasida mintaqadagi oʻzaro ishonchsizlik yoʻqolib bordi, qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar bartaraf etila boshladi, hamkorlik va hamfikrlikka asoslangan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.
Toshkent Afgʻonistonni mintaqamizning ajralmas qismi, deb biladi, shuning uchun ham bu mamlakatda tinchlik oʻrnatish uchun saʼy-harakatlar olib borish juda muhimdir.
Markaziy Osiyoning bardavom rivojlanishi Afgʻonistondagi vaziyatning barqarorlashishi bilan bevosita bogʻliqdir. Oʻzbekiston Prezidenti bir necha bor taʼkidlaganidek,“Afgʻoniston muammosini hal etmasdan turib, tinch va gullab yashnayotgan Markaziy Osiyo haqida gapirish mumkin emas”.
2018-yilning mart oyida Toshkentda respublika rahbariyati tashabbusi bilan Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya Oʻzbekistonning afgʻonlararo tinchlik jarayonini faollashtirishga qoʻshgan muhim hissasi boʻldi. Tadbirda Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlari, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi boʻlgan barcha davlatlar, mintaqaning yetakchi mamlakatlari va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Toshkent konferensiyasida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻoniston mojarosini hal qilishga yoʻnaltirilgan aniq strategik qarashlarni bayon etdi va afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlar faollashishida “tamal toshi” boʻlgan “Toshkentning Afgʻoniston boʻyicha siyosati”ning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Forumning asosiy natijasi Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishning asosiy tamoyillari boʻyicha mintaqaviy va global darajada toʻliq konsensusni oʻzida muhrlagan Toshkent deklaratsiyasining bir ovozdan qabul qilinishi boʻldi.
AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasidagi muzokaralarda erishilgan natijalardan kelib chiqib, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonida Oʻzbekistonning faol qatnashishiga yana-da koʻproq ehtiyoj sezilmoqda.
Biz Afgʻoniston muammosini siyosiy yoʻl bilan hal etishning asosiy jihatlari xususida Oʻzbekistonning qarashlari va respublikamizning mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshayotgan hissasi haqida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan suhbatlashdik.
— Oʻzbekistonning afgʻon mojarosini hal etish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarga shu qadar faol kirishishiga nima sabab boʻldi, vaholonki, ushbu nizo yechimini topishdan manfaatdor boʻlgan mamlakatlarning hammasi ham Toshkent konferensiyasi kabi nufuzli tadbirni tashkil etishga qadar bunday izchil harakatlarni amalga oshirishga tayyor emas edi?
— Shuni unutmaslik lozimki, bizning Afgʻoniston bilan umumiy chegaramiz bor. Biz koʻp asrlik mushtarak tarixga egamiz, xalqlarimiz taqdiri bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “ming yillar davomida Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqlari yagona madaniy-tamaddun makonida rivoj topganlar”. Qanday qilib biz Afgʻonistonda normal hayot tezda tiklanishidan manfaatdor boʻlmasligimiz mumkin?
Bilasizmi, zamonaviy dunyo tarixida eng uzoq vaqt davom etayotgan ushbu mojaro, hatto Afgʻonistonni oʻz davlatchiligini amalda yoʻqotishiga olib keldi. Bu shart-sharoitlarda qanday qilib hokimiyatning barcha tarmogʻi toʻlaqonli ishlay oladi, qonunlarga rioya qilinadi, iqtisodiyot ishlaydi?
Tasavvur qiling — biz XXI asrda yashayapmiz va oʻtgan asrda boshlangan urush deyarli 40 yilga yaqin davom etmoqda. Ikki millionga yaqin odamlar uning qurboniga aylandi va Afgʻonistonning Qochoqlar ishlari boʻyicha vazirligi maʼlumotiga koʻra, yana olti million kishi mamlakatni tark etgan.
Albatta, bugungi kunda bizga nafaqat qochoqlarning vataniga qaytishini, balki ularning Afgʻonistonda tinch hayotni barpo etish jarayonida faol ishtirokini taʼminlovchi umumiy mintaqaviy strategiya lozim.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh hududlarda har yili oʻnlab qurolli toʻqnashuvlar sodir etiladi. Shunday vaqtlar ham boʻldiki, hatto harbiy harakatlar bizning chegaramizga tutash hududlargacha yetib keldi. Bularning barchasi bizni xavotirga solmasligi mumkin emas.
Bundan tashqari, ISHID jangarilari Yaqin Sharqdan quvib chiqarilishi natijasida Afgʻoniston hududida transmilliy terrorchi tashkilotlar panoh topa boshladi. Bu nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikka ham jiddiy tahdid sola boshladi.
Biz xavfsizlik boʻlinmas ekani va uni faqat mushtarak saʼy-harakatlar orqali taʼminlash mumkin, degan mavqedan kelib chiqamiz.
Oʻzbekiston rahbari “Afgʻoniston xavfsizligi — bu Oʻzbekistonning xavfsizligi”, deya bir necha bor bayonot berganlar. Afgʻoniston boʻyicha siyosatimizda biz nafaqat ushbu mamlakatning kelajagi, balki umumiy xavfsizligimiz, terrorizm, aqidaparastlik va zoʻravonlikdan xoli dunyo uchun kurashmoqdamiz.
Shu bilan birga, Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash — bu faqatgina xavfsizlik muammolarini hal qilishdangina iborat emas.
Afgʻoniston masalasida biz “defensive approach” deb ataluvchi himoya yondashuviga asoslanmaymiz. Biz mintaqamizda vaziyat qanaqa ekanligini yaxshi idrok etishimizga ishonchimiz komil, shuning uchun “oʻyinchi”larning biri gʻalaba qozonsa, ikkinchisi magʻlub boʻladigan biron-bir “nolga teng oʻyinlarda” ishtirok etishga intilmaymiz. Biz pragmatikmiz va yaxshi qoʻshni boʻlishni xohlaymiz.
Faqatgina 100-yil oldin oʻrnatilgan chegaralarga qaramay, xalqlarimiz oʻrtasida 3 ming yillik tarixga ega munosabatlar mavjud.
Amudaryo boʻylab oʻrnatilgan chegaralar hech qachon odamlarning bordi-keldisi, savdo-sotiq qilishi hamda madaniyatlar va dinimizning oʻzaro uygʻunlashuviga toʻsiq boʻla olmagan.
Tinch Afgʻoniston Markaziy Osiyo uchun eng qisqa yoʻl orqali dengiz kommunikatsiyalaridan foydalanish, transport yoʻlaklarimizni diversifikatsiya qilish va shu bilan mahalliy mahsulotlarni eksport qilish uchun keng bozorlarni ochish imkoniyatlarini taʼminlashga qodir.
Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka qoʻshilishi uchun yordam berish juda muhim va Toshkent buni chin dildan xohlaydi. Bundan tashqari, shu narsani tushunish lozimki, Afgʻoniston hududidagi tahdidlar qanchalik kam boʻlsa, milliy xavfsizlikni taʼminlashga sarf etiladigan xarajatlarimiz shunchalik qisqaradi. Tejalgan mablagʻlarni biz ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish, fuqarolarimizning turmush darajasini oshirishga yoʻnaltirishimiz mumkin.
— Afgʻonistondagi mojaroning mohiyatini qanday tushunasiz? Umuman olganda, bu mamlakatda qanday jarayonlar yuz bermoqda?
— Siz juda muhim savolni berdingiz. Inqirozning mohiyatini tushunmasdan, uni hal qilishning samarali strategiyasini ishlab chiqish mumkin emas. Afgʻonistondagi mojaro 40 yil mobaynida jiddiy oʻzgarishlarga uchradi. Bugungi kundagi vaziyat qurolli qarama-qarshilikning dastlabki bosqichidan tubdan farq qiladi. Bu rad qilib boʻlmaydigan haqiqatdir.
Hozirgi bosqichda u yerda qanday jarayonlar sodir boʻlayotganini aniqlash muhim edi. Bu fuqarolar urushimi yoki hukumatning terrorchilarga qarshi kurashimi? Bu xalqaro nizomi yoki global “oʻyinchi”lar faol ishtirokidagi mintaqaviy mojaromi? Yoki ushbu muammo Afgʻonistonning giyohvand moddalar, qurol-aslaha va odamlar savdosining toʻsiqsiz, transʼhududiy “ochiq zonasi”ga va xalqaro terrorchilik tashkilotlari uchun “qulay makonga” aylantirilganligi bilan izohlanadimi?
Hozirgi kunda ushbu savollarga oddiy va aniq javob mavjud emas. Afgʻoniston mojarosi yuqorida qayd etilganidek, barcha jarayonni oʻzida mujassam etib, ichki, mintaqaviy va xalqaro muammolar bir-biri bilan chambarchas bogʻlanib ketgan chigal va yechilishi qiyin boʻlgan murakkab qarama-qarshiliklardan iborat kalavaga aylandi.
— Tushunarli. Demak, siz Afgʻonistonda qanday jarayonlar oʻrin topganini anglab yetgandan soʻng, dunyo diplomatiyasi rahbarlari hamda yuqori darajali siyosatchilar ishtirokidagi Toshkent konferensiyasini oʻtkazishga qaror qildingiz, shundaymi?
— Ha, xuddi shunday. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqealar tufayli Afgʻonistondagi vaziyat maʼlum vaqt jahon siyosati eʼtiboridan chetda qoldi. Biroq buning natijasida mojaro oʻzining keskinligi va jiddiyligini yoʻqotmadi. Shuning uchun forum afgʻon mojarosini hal qilish yoʻllarini izlab topishda muhim burilish boʻldi. Buni afgʻonistonlik hamkasblarimiz va chet ellik hamkorlarimiz turli darajalarda eʼtirof etdilar.
Toshkent anjumani Afgʻoniston muammosini xalqaro kun tartibining markaziga qaytarish imkonini berdi. Toshkent konferensiyasida belgilangan yangi prinsipial holat Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarida mintaqaviy va global yondashuvlarning tobora muhim ahamiyat kasb etishidan iborat boʻldi.
— Nimani nazarda tutyapsiz?
— Mintaqadagi qoʻshni davlatlar va dunyoning yetakchi mamlakatlarining saʼy-harakatlarisiz ushbu nizoni hal etib boʻlmasligi taʼkidlandi. Shuning uchun ham aynan Toshkent konferensiyasida xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” harakati (TH) bilan hech qanday muqaddam shartlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyishga tayyorligi namoyon etildi. Yanada batafsilroq aytsak, aynan shu yerda — Oʻzbekistonda biz “Tolibon”ni tinchlik muzokaralari jarayoniga jalb etish uchun turtki berishga muvaffaq boʻldik. Sizga maʼlumki, bizning sheriklarimiz ham keyinchalik TH vakillari bilan ularning mavqelarini yaxshiroq tushunish va murosaga erishish maqsadida bir necha davradan iborat muzokaralarni oʻtkazdilar.
Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyat tinchlik jarayonini faqat Afgʻonistonga qoʻshni boʻlgan davlatlarning faol ishtirokida amalga oshirish mumkinligini anglab yetdi. Shu bois ham afgʻonlararo yarashuvning asosiy tamoyillari boʻyicha mintaqaviy konsensusni taʼminlash muhim edi. Shuningdek, goʻyo turli ixtiloflari boʻlgan davlatlar — Pokiston va Hindiston, Eron va Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bir-birlari bilan oʻzaro kelishib olishlari zarur edi. Bundan tashqari, Turkiyaning alohida mavqei ham mavjud… Bularning barchasini afgʻon muammosini mushtarak idrok etish asosida birlashtirib olishga muvaffaq boʻlindi.
Toshkent konferensiyasi oʻtkazilganidan soʻng Vashington, Moskva va Pekinning mavqelari sezilarli darajada bir-biriga yaqinlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “tinchlikka intilishning asosiy sharti — bu Afgʻoniston uchun mintaqaviy va xalqaro miqyosda kelishilgan, yaxlit va keng qamrovli tinchlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishdir”.
Anjumanda qabul qilingan Deklaratsiya mamlakatda milliy totuvlikka erishish, xalqaro terrorizm, narkotrafikka qarshi kurash, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik uchun oʻziga xos “Yoʻl xaritasi” boʻldi. Hujjatda Afgʻonistonning barqaror rivojlanishi, afgʻon xalqining turmush farovonligini oshirish hamda ularni mintaqa va dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik jarayonlariga jalb etishning shart-sharoitlari belgilandi.
— Siz qayd etganingizdek, aftidan, konferensiyada turli mamlakatlarning murosaga kelishlari uchun oldindan jiddiy va puxta chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak boʻlgan edi. Toshkent forumiga qanday tayyorgarlik koʻrilgani haqida aytib bersangiz.
— Avvalambor, konferensiya arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev afgʻon muammosini katta davlatlar rahbarlari: Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, AQSH Prezidenti Donald Tramp, Xitoy Raisi Si Szinpin hamda Yevropa Ittifoqi rahbariyati, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Pokiston va Eron davlatlari boshliqlari bilan shaxsan va mukammal ravishda muhokama qildilar.
Ammo anjumanga tayyorgarlik ushbu uchrashuvlardan ancha oldin — afgʻon doʻstlarimiz bilan yaqin hamkorlikdan boshlandi. Aslida, bu bizning birgalikdagi katta ishimiz boʻldi. Eslatib oʻtaman, Toshkent konferensiyasini ikki prezident — Shavkat Mirziyoyev va Ashraf Gʻani janoblari ochib berishdi.
Prezident topshiriqlariga muvofiq, Afgʻonistondagi asosiy ichki siyosiy kuchlar vakillari, xususan, Bosh vazir A. Abdulla, Afgʻonistonning sobiq prezidenti H. Karzay, “Afgʻonistonni ozod qilish Islom ittifoqi” partiyasi rahbari A. Sayyof, “Afgʻoniston Islom partiyasi” rahbari G. Hikmatyor, Afgʻoniston Oliy tinchlik kengashi raisi K. Xaliliy, “Afgʻoniston milliy islom harakati” boshqaruvi kengashi aʼzosi B. Doʻstum, “Milliy islom jabhasi” yetakchisi S. Giloniy, “Afgʻoniston islom jamiyati” boshqaruv kengashi aʼzolari Yu. Qonuniy va M. Ismoilxon, Balx viloyati sobiq hokimi A. Nur, “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla A. Stanikzay, A. Barodarva boshqalar bilan ham toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Toshkent bu yoʻnalishdagi barcha qadamlarini rasmiy Kobul bilan kelishilgan holda amalga oshirmoqda. Biz doimo “barqaror tinchlikni oʻrnatish boʻyicha siyosiy jarayonlar faqat afgʻonlar tomonidan va Afgʻoniston xalqi rahbarligida olib borilishi lozim”, degan asosiy tamoyilga sodiq qolamiz.
— Maʼlumki, forumda qatnashgan mintaqadagi hamkasblaringiz bilan yaqindan hamkorliksiz konferensiyani oʻtkazish mumkin emas edi. Mintaqa davlatlari bunday yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyormi?
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti BMT, MDH, SHHT, IHT kabi mintaqaviy va xalqaro maydonlardagi oʻz nutqlarida hamkorlarimiz, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan afgʻon muammosining siyosiy yechimini topishga tayyorligini bir necha bor taʼkidlagan edilar.
Hech bir mamlakat afgʻon muammosini mustaqil ravishda hal qila olmasligi, shubhasiz, aniq va ravshan. Shuning uchun Oʻzbekiston rahbari Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishida qoʻshni davlatlarning muhim oʻrni mavjudligini qayta-qayta qayd etgan. Qoʻshni davlatlar va hamkorlarning saʼy-harakatlari bir-birini almashtirmasligi, balki bir-birini toʻldirishi kerak.
Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Afgʻoniston muammosini hal qilishda faol yordam koʻrsatmoqda. Qozogʻistonning raisligi va tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik Kengashida Afgʻoniston boʻyicha vazirlararo munozara boʻlib oʻtdi. Aynan shu tadbir doirasida Toshkent konferensiyasini oʻtkazish tashabbusi eʼlon qilindi va mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻz navbatida, Qirgʻiziston tomonidan mazkur mamlakatda yuz berayotgan jarayonlarni chuqur tahlil qilish maqsadida Bishkek shahrida Afgʻoniston boʻyicha tadqiqot markazini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Biz hammamiz, Afgʻoniston mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinishi zarurligini tushunamiz. Ushbu fikr Ashxobodda Afgʻoniston boʻyicha yettinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi, Toshkent konferensiyasi va Dushanbe shahrida Terrorizm muammosi va uni moliyalashtirish manbalari boʻyicha yuqori darajada oʻtkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi.
Afgʻon yoʻnalishi boʻyicha faol mintaqaviy hamkorlikka yana bir misol sifatida Samarqandda boʻlib oʻtgan “Hindiston — Markaziy Osiyo” vazirlar muloqotiga birinchi marta Afgʻonistonning jalb etilganini keltirish mumkin.
— Sizningcha, Afgʻoniston “sovuq urush” davrida boʻlganidek, dunyoning rivojlangan yirik davlatlari manfaatlarining toʻqnashuvi uchun yana maydon boʻlmay qoldimi?
— Ha, haqiqatan ham, afgʻon mojarosi avvaldan ikki dunyo tizimlari oʻrtasidagi geosiyosiy qarama-qarshilikning samarasi boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “urush olovi” afgʻon xalqiga tashqaridan olib kirilganini va urush bu xalqning tanlovi emasligini” ochiqdan-ochiq aytdi.
Hozirga qadar yirik kuch markazlari oʻz manfaatlari yoʻlida Afgʻonistonda toʻqnash kelmoqdalar.
Mojaroga yangi ishtirokchilarning doimiy ravishda jalb etilishi afgʻon nizosining misli koʻrilmagan darajada chuqurlashishiga olib keldi.
Afsuslar boʻlsinki, oʻn yillar davomida afgʻon muammosini harbiy kuch orqali hal qilish mumkinligi toʻgʻrisida turli xayolparast fikrlar mavjud edi. Eng achinarlisi shuki, aql bovar qilmaydigan darajada insoniy qurbonlar va ulkan iqtisodiy hamda siyosiy talafotlardan soʻng ushbu yondashuv boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyganligi anglab yetildi.
Bugungi kunda esa dunyoning yirik davlatlari, eng avvalo, Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va musulmon dunyosi davlatlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni faqat qutlash mumkin. Soʻnggi oylarda Moskva, Pekin va Vashington uch tomonlama uchrashuvlar doirasida muhim natijalarga erishganlari va ushbu formatga manfaatdor mamlakatlar ham qoʻshilganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Mazkur saʼy-harakatlar afgʻon masalasini samarali ravishda hal qilish uchun zarur tashqi sharoitlarni shakllantiradi.
— Sizningcha, Afgʻonistonda kim bardavom tinchlikning kafili boʻla oladi?
— Avvalambor, yirik davlatlar: AQSH, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va albatta, aynan shu darajada Afgʻonistonning bevosita mintaqaviy qoʻshnilari. Bular tashqi kuchlardir.
Ammo Afgʻonistonda tinchlik haqida kelishuvlarning barqarorligi, avvalo, mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarning — siyosiy partiyalar, harakatlar va etnik guruhlarning oʻzlari ushbu jarayonga jalb qilinishiga bogʻliq boʻladi. Umummilliy kelishuv va yarashuvsiz sezilarli taraqqiyotga erishish mumkin emas.
Davlatga qarashli huquqni muhofaza qilish idoralarini saqlab qolish va rivojlantirish, fuqarolik jamiyati tuzilmasining toʻliq ishlashi, Afgʻoniston xotin-qizlarining huquqlarini taʼminlash va boshqalar,bir soʻz bilan aytganda, mustaqil afgʻon davlatini qurish va fuqarolik jamiyati asoslarini yaratish yoʻlida soʻnggi 18 yil ichida erishilgan barcha ijobiy yutuqlarning asrab qolinishi favqulodda muhimdir.
— Agar Siz aytayotgan gaplar haqiqatga aylansa, biz 40 yil ichida birinchi marotaba Afgʻonistonda uzoq kutilgan tinchlikni koʻramiz. Siz ushbu mamlakatning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
— Siz oʻzingiz aytgandek, tinchlikni koʻrish uchun, birinchidan, ushbu maqsad butun afgʻon jamiyati, barcha etnik guruhlar va siyosiy harakatlarni birlashtiruvchi yagona, umumiy gʻoyaga aylanishi kerak. Ikkinchidan, xavfsizlik va iqtisodiyot sohalaridagi vazifalarning samarali yechimini topa oladigan barqaror umummilliy hukumat tuzilishi kerak.
Afgʻoniston samarali mintaqaviy hamkorlik maydoniga aylanishi zarur.
Aytib oʻtganimdek, bugungi kunda Afgʻoniston, afsuski, hali ham jahon va mintaqa davlatlarining qarama-qarshilik hamda raqobat maydoni boʻlib qolmoqda. Biz Oʻzbekistonda mazkur yondashuv oʻzgarishi kerak, deb hisoblaymiz.
Afgʻoniston barchamizga umumiy til topishni, milliy manfaatlarimizni moslashtirishni, murosa qilishni va oʻzaro hamjihatlikka erishishni oʻrganish uchun qulay imkoniyat bermoqda.
Faqat shundagina umumiy mintaqamizning bardavom rivojlanishi, xavfsizligi va barqarorligini taʼminlash yoʻlida Afgʻonistonning barcha qoʻshni mamlakatlar uchun teng huquqli sherik boʻlishiga erisha olamiz.
Iqtisodiyotni tiklamasdan, aholining murakkab ijtimoiy muammolarini hal qilmay turib, Afgʻonistonda tinchlikka erishib boʻlmaydi. Afgʻonistonning iqtisodiy kelajagiga sarmoya kiritishni davom ettirish muhimdir. Insonparvarlik dasturlari va loyihalarini moliyalashtirishni qisqartirishga yoʻl qoʻymaslik kerak.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston ham Afgʻonistondagi Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va shu kabi boshqa keng miqyosli infratuzilmaviy hamda ijtimoiy jihatdan ahamiyatli loyihalarni amalga oshirishni boshlab yubordi. Elektr uzatish liniyasi Kobulni Markaziy Osiyoning yagona energetik tizimiga ulaydi. Bundan tashqari, Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi “CASA-1000” loyihasining tarkibiy qismi boʻlishi va elektr energiyasini Pokiston hamda Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berish uchun zamin yaratadi.
Oʻzbekiston Afgʻonistonni mintaqaviy integratsiyaga jalb qilishga imkon beruvchi transport-logistika loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdordir.
Mamlakatimiz, shuningdek, Afgʻoniston hukumati va boshqa xalqaro sheriklar bilan birgalikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi Mozori-Sharif — Hirot va Mozori-Sharif — Peshovar temir yoʻl loyihalarini amalga oshirishda qatnashishga tayyor.
Mazori-Sharifni Pokiston dengiz portlari bilan bogʻlovchi temir yoʻl loyihalari bugungi kunda Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlanilayotgan Yevroosiyo oʻzaro bogʻliqlik konsepsiyasining bir qismi boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur yoʻnalishning ochilishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun Pokistonning Gvadar hamda Karachi portlariga chiqish va keyinchalik Hindiston hamda Bangladeshga yuklar tranzitini faollashtirish uchun koʻmaklashadi.
Shu munosabat bilan Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining Afgʻonistondan Oʻzbekiston va Qozogʻiston orqali Xitoyga birinchi konteyner poyezdi yoʻlga qoʻyilganiga bagʻishlangan tantanali tadbirda aytgan soʻzlarini taʼkidlab oʻtishni muhim, deb hisoblayman. A. Gʻani Oʻzbekistonning tranzit yuk tashish va mintaqada transport-kommunikatsiya yoʻnalishlarini rivojlantirish borasidagi koʻmagini yuqori baholadi va afgʻon yuklarining Xitoyga tranzitida koʻrsatilgan yordam uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorligini bildirdi. “Doʻstim Prezident Shavkat Mirziyoyevga Afgʻoniston xalqi va hukumatiga mamlakatni qayta tiklash va rivojlantirish borasida koʻrsatilayotgan yordam uchun samimiy minnatdorligimni bildiraman”. Fikrimcha, bu Afgʻonistonning iqtisodiy infratuzilmasini qayta tiklashda Oʻzbekiston koʻrsatayotgan amaliy yordam uchun afgʻon xalqi tomonidan berilgan eng yuqori bahodir.
Shuni taʼkidlash muhimki, taʼlim olish imkoniyatini yaratmay turib, mamlakatning toʻlaqonli tinch hayotini tasavvur qilib boʻlmaydi. Maʼlumki, Afgʻonistondagi urush davomida zoʻravonlikdan boshqa hech nimani koʻrmagan butun bir avlod voyaga yetgani hech kimga sir emas.
Afgʻon yoshlariga oʻz taqdirlarini oʻzlari belgilash imkoniyatini berish orqali jamiyatda taʼlim va maʼrifatning nafrat va ekstremizm gʻoyalariga qarshi tura oladigan nufuzini shakllantirish lozim. Oʻzbekiston bu borada faol ish olib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Termiz shahrida afgʻon fuqarolarini oʻqitish uchun Taʼlim markazi barpo etildi. Hozirgi kunda navbatdagi talabalar tanlovi ketmoqda. 2020-yilda markazda 200 ga yaqin kishilar imtiyozli asosda oʻqitiladi. Kelgusida talabalar sonini 300 kishiga yetkazish, taʼlim yoʻnalishlarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz. Bundan tashqari, Oʻzbekiston rahbari Afgʻonistonda taʼlimni qoʻllab-quvvatlash maxsus xalqaro jamgʻarmasini tuzish taklifi bilan chiqdi. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi — yoshlarni Afgʻonistonda kerakli mutaxassislikka oʻqitish, qobiliyatli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiya hamda grantlar ajratish.
Toshkent doʻstlik ramzi sifatida Kobulga faol ravishda toʻlaqonli insonparvarlik yordami koʻrsatmoqda. Biz birodar afgʻon xalqi oldida katta masʼuliyatimizni anglaymiz va bu borada harakatlarni davom ettiramiz.
— Tinchlik bitimidan soʻng, yaʼni tinchlikka erishilgan keyingi davrda (“post-peace period”) Afgʻonistonning uzoq muddatli rivojlanishi haqida soʻz borarkan, Oʻzbekistonning afgʻon siyosati ustuvor yoʻnalishlari qanday boʻladi?
— Oʻzbekiston oʻzining afgʻon siyosatida doimo samimiy boʻlib kelgan. Bu davlatga nisbatan bizda biron-bir siyosiy yoki yashirin maqsadlar yoʻq. Biz faqatgina bitta, juda oddiy va pragmatik tamoyilga amal qilamiz: “Qoʻshning tinch — sen tinch”. Buning ustiga, Markaziy Osiyo — bu bizning umumiy uyimiz, Afgʻoniston esa uning ajralmas qismi ekanligiga aminmiz, shuning uchun biz faqat birga boʻlgan taqdirdagina jadal rivojlanishimiz mumkin.
Bu bizning asosiy va pirovard maqsadimiz. Biz hech qachon boshqa niyatni koʻzlamaganmiz, doimo betaraf mavqeni egallab kelganmiz va bu davlatning ichki ishlariga aralashmaganmiz.
Natijasini koʻrib turibsiz, Oʻzbekiston Afgʻonistonning barcha siyosiy kuchlari, shu jumladan, “Tolibon” harakati orasida oʻz obroʻ va eʼtiboriga ega. Ularning barchasi respublikamizning bu mamlakatda tinchlik oʻrnatishga qaratilgan samimiy saʼy-harakatlarini tan oladi va qoʻllab-quvvatlaydi.
— Toliblar afgʻon jamiyatining bir qismi va Afgʻoniston fuqarolari sifatida oʻz davlatining kelajagini belgilashda ishtirok etishlari lozim degan tamoyilga asoslanganmiz.
Eng yangi tarix nuqtayi nazari bilan qaraganda, “Tolibon” harakati bilan bugungi muloqotni biz koʻp tomonlama tinchlik jarayonini qayta tiklash va mustahkamlash sifatida koʻramiz. Oʻzbekiston ushbu jarayonni 1990-yillarda “6+2” formatida qoʻllab-quvvatlashga ancha uringan edi. Ayni oʻsha paytlarda bizning vakillarimiz Qandahorda toliblar rahbarlari bilan uchrashgan.
Bu borada eʼtiboringizni bir masalaga qaratmoqchiman.
Fikrimizcha, 2001-yilgi Afgʻoniston boʻyicha Bonn konferensiyasining asosiy xatosi shundan iborat ediki, mamlakatda tinchlik oʻrnatish boʻyicha muzokaralarga tolibonlar jalb qilinmaganligi oqibatida urush yana 18 yildan buyon davom etib kelmoqda.
Avvalgi yillarda boʻlganidek, bugun ham umumiy vazifa oʻzgarmasdan qolmoqda, yaʼni imkoni bor masalalarda asta-sekinlik va sabr bilan oʻzaro konsensusga erishish maqsadida har yerda toʻgʻridan-toʻgʻri keng qamrovli afgʻonlararo inklyuziv muzokaralarni yoʻlga qoʻyishdir.
Shu maʼnoda, toliblar bilan muloqot nafaqat maqsadga muvofiq, balki oʻta zarur hamdir. Biroq har qanday tinchlik jarayonining boshlanishi “Tolibon” harakatining har qanday terrorchilik faoliyati va zoʻravonlikdan voz kechishi, AQSH bilan imzolangan bitim mohiyatida koʻzda tutilganidek, oʻt ochishdan voz kechishga, albatta, rioya qilishni taqozo etadi.
— Afgʻoniston masalasida Oʻzbekistonning yana qanday imkoniyatlari mavjud?
— Oʻzbekiston chuqur diplomatik anʼanalarni qamrab olgan noyob davlatchilik tajribasiga ega. Maʼlumki, diplomatiya, shuningdek, muzokaralar va tichlikparvarlik sanʼati Yevroosiyoning bizga tegishli qismida, xususan, hozirgi Oʻzbekiston hududida koʻp asrlik tarixiy meros va davomiylikka ega. Aynan mana shu tarixan boy oʻzbek diplomatiyasining tajribasi Afgʻoniston muammosi kabi xalqaro mojarolarni hal qilishga yordam beradi.
Afsuski, zamonaviy jahon tizimi oʻzida koʻplab xatar va tahdidlarni saqlab kelmoqda. Biz global beqarorlik darajasining oʻsib borishini kuzatib turibmiz, bu esa, oʻz navbatida, xavfsizlik masalalarining xalqaro kun tartibida yetakchi oʻringa chiqishiga sabab boʻlmoqda. Biroq afgʻon nizosi kabi inqirozlarda eng asosiy masala — bu muammodan keyingi hal etish davri, xalqaro migratsiya masalalariga yechim topish va boshqalar juda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu oʻrinda Oʻzbekiston diplomatiyasi tajribasi xalqaro hamjamiyat uchun qoʻl keladi.
— AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida bitim imzolanishi katta qiziqish uygʻotibgina qolmay, tez orada tinchlik oʻrnatilishiga umid tugʻdiradi. Tinchlik jarayonini yana-da ilgari surish uchun yana qanday amaliy chora-tadbirlarni koʻrish kerak?
— 18 yildan buyon toʻxtamayotgan janglardan soʻng AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida bitim imzolanishi, albatta, butun mintaqa uchun muhim voqeadir. Buning Afgʻonistondagi tinchlik uchun ahamiyatini baholash mushkul vazifa.
Ammo oldinda hali murakkab ish turibdi. Vaziyatni toʻgʻri tushunish kerak. Koʻplab qiyin, nozik muammolar saqlanib qolmoqda. Aslini olganda, AQSH va toliblar oʻrtasidagi bitim tinchlikka olib boruvchi yoʻlning nihoyasi emas, balki faqat boshlanishidir.
Hozir bevosita tinchlik jarayoni, afgʻonlararo toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni boshlash muhim. Endilikda hamma narsa Afgʻoniston xalqining mustahkam irodasi, birligi va qatʼiyatiga bogʻliq.
Shu munosabat bilan imkon qadar tezda hukumat va muxolifat delegatsiyalarini shakllantirish, Afgʻonistonni tinch yoʻllar bilan qayta tiklash barcha masalalari boʻyicha konstruktiv muloqotni boshlash juda muhimdir. Bu jarayon har qanday tashqi aralashuvdan xoli boʻlishi kerak. Bir soʻz bilan aytganda, Afgʻoniston taqdiri afgʻonlarning oʻz qoʻlidadir.
Suhbatimiz yakunida Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasida aytgan quyidagi soʻzlarini keltirmoqchiman: Afgʻonistonning kelajagi xalqaro hamjamiyatning barchamiz uchun umumiy boʻlgan tahdid va xatarlarga qarshi kurashishga ojiz ekanini koʻrsatadigan misolga aylanib qolmasligi lozim.
Bugun barchamiz birlashib, jafokash Afgʻoniston xalqiga tinchlik va taraqqiyot yoʻlida yordam qoʻlini choʻzishimiz, uni qoʻllab-quvvatlashimiz har qachongidan ham muhimdir.
Ushbu soʻzlar oʻshanda keng miqyosli xalqaro anjuman ishtirokchilarining hech birini befarq qoldirmagan edi. Bugungi kunning asosiy vazifasi har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan Afgʻoniston xalqiga tinchlik va farovonlik yoʻlida qatʼiy turish uchun yordam berishdan iborat.
Bunda Afgʻoniston doimo oʻzining doʻst qoʻshnisi — Oʻzbekistonga ishonishi mumkin.