Suv tejamkorligiga bag‘ishlandi

Amudaryo tumanida kanal va ariqlarda suv yo‘qotilishining oldini olish uchun havzalarni betonlashni jonlantirish, bu orqali suv isrofini kamaytirish maqsadida seminar o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida suv muhim ahamiyatga ega ekanligini, uni isrof qilmasdan, tejab ishlatish hamda mavjud suv zaxiralaridan samarali foydalanish bugungi kunning eng ustuvor vazifasidir. Tadbirda, qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanishda ariq va kanallarni betonlashtirish juda katta ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

Tumanida 296,6 km uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanal, 1 ming 342 km ichki xo‘jalik kanali mavjud. 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida 40 km uzunlikda xo‘jaliklararo kanalni, 300 km uzunlikda ichki xo‘jalik kanalni betonlash rejalashtirilgan. Shu kungacha 0,25 km uzunlikda ichki xo‘jalik kanallari betonlangan bo‘lib, bu boradagi ishlar uzluksiz davom etmoqda.

“Yashil” energiyaning quvvati ortmoqda 

“Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatidagi 1,7 MVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasida 2024 yilning yanvar-oktyabr oylarida 1,6 million kVt. soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.

Xuddi shu hajmdagi elektr energiyasi 7 ming 970 xonadonning bir oylik iste’molidagi elektr energiyasiga tengdir. Eng ahamiyatlisi, mazkur “yashil” energiya ishlashi natijasida xuddi shu davrda 392 ming kubometr tabiiy gaz tejaldi.

Joriy yilning oktyabr oyida 180 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishi natijasida “yashil” energiyaning quvvati 1,7 MVtga yetdi. Shuningdek, stansiyada hajmi 2800 litr bo‘lgan 14 ta quyosh suv isitish qurilmasi orqali 38,85 gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, 5,5 ming kubometr tabiiy gaz iqtisod qilindi.

G‘oliblar taqdirlandi 

Chimboy tumani hokimligi va Dao‘itbay Qayipov nomidagi jamoat fondi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston xalq artisti Dao‘itbay Qayipov xotirasiga bag‘ishlangan yosh ijrochilarning “Bulbulzibon” IX tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unga Orolbo‘yining barcha hududlaridan 150 ga yaqin ishtirokchi D.Qayipov repertuaridagi kuylarni jonli ijro yetdi.

Qiziqarli o‘tgan tanlov yakunida birinchi o‘rin Nukus shahridan Xayrullo Ayimbetov nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Chimboy tumanidan yosh iste’dod egalari Yesbosin Nazarov va Niyatboy O‘razboyev, uchinchi o‘rinni To‘rtko‘l tumanidan Islombek Zinatdinov, Nukus shahridan Islom Muhammadiyarov va Furqat Yembergenov egalladi. Shuningdek, tanlovda bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri