Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan tadbirda senatorlar, vazirliklar, idora va tashkilotlar rahbarlari, masʼul shaxslar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda 18 masala koʻrib chiqildi. Koʻrilgan masalalardan 9 tasi qonun boʻlib, ular orasida “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”, “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”, “Metrologiya toʻgʻrisida”gi kabi yangi qonunlar bor. Senatorlar 8 qonunni maʼqulladi, faqat bittasi, yaʼni “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi qonun rad etildi.
Shuningdek, ichki ishlar, tashqi ishlar vazirlarining axboroti eshitildi.
Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborildi.
Ota-onalar qarovisiz qolgan, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar toʻgʻrisida hamda Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini oʻrganish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, Senat vakolatiga kiradigan boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Senat yalpi majlisida koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.