Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ilhom Neʼmatovning qayd etishicha, oʻtgan yilda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qulay tashqi siyosiy va iqtisodiy muhit yaratishga asosiy eʼtibor qaratildi. Xorijdagi fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilishga ustuvor ahamiyat berildi. Mamlakatimizning jahon maydonidagi imijini yaxshilash borasida ish olib borildi.
Mamlakatimizning xalqaro hamkorlikdan koʻzlagan maqsad va vazifalari aniqlashtirildi, boyitildi, milliy manfaatlarimizni himoya qilishda yangicha – gʻayrat-shijoatli, dadil hamda konstruktiv yondashuvlar hayotga tadbiq etildi. Oʻzbekiston ikki tomonlama vositalar bilangina cheklanib qolmasdan, koʻp tomonlama muloqot mexanizmlaridan ham samarali foydalanmoqda.
Oʻtgan yilda jami 18 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Shundan 11 tasi Prezidentimizning xorijiy davlatlarga tashriflari, 7 tasi boshqa davlat rahbarlarining mamlakatimizga tashrifidir. Tashriflari doirasida muhim bitimlar imzolandi. Bu bitimlarni amalga oshirish uchun 90 dan ortiq Yoʻl xaritalari tasdiqlandi. Shu bilan birga tashriflar davomida 122 muhim hujjatlar imzolandi.
Tarixda birinchi marta 2019-yil 29-noyabrda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi toʻliq formatda oʻtkazildi. Bundan oldin toʻliq formatda oʻtkazilmagan. Ushbu uchrashuv doirasida iqtisodiy-siyosiy, xavfsizlik, investitsiya, ekologiya sohasidagi masalalar koʻrib chiqildi va kelishuvlarga erishildi. Natijada Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida birdamlik, oʻzaro ishonch kuchaydi.
Shu bilan birga asosiy eʼtibor dunyoning rivojlangan davlatlari bilan oʻzaro aloqalarni yana-da kengaytirishga qaratildi. Yana bir eʼtiborga molik hodisa Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qoʻshilishi boʻldi.
Yaponiyaga rasmiy tashrif davomida 6,5 milliard dollarga teng 48 ta kelishuv va shartnomalar imzolandi.
Vazir oʻrinbosariga koʻra, bundan oldin Yaponiya bizga hech qachon investitsiya kiritmagan. Grant loyihalari amalga oshirgan boʻlishi mumkin, lekin hech qachon investitsiya kiritmagan. Ushbu tashrif davomida 6,5 milliard dollarga teng kelishuvlar imzolangani bizning mamlakatga boʻlgan hurmatni bildiradi.
Turizm sohasida ham sezilarli oʻsishga erishildi. Ilgari Oʻzbekiston turizm salohiyatiga qaramasdan, turistlar soni kam edi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 7 million 100 ming turist tashrif buyurdi.