Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni Yashnobod tumanidagi Texnoparkka tashrif buyurdi.
Toshkent mexanika zavodining ulkan hududi va binolaridan samarali foydalanish maqsadida Texnopark tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 28-iyunda bu yerga kelib, loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.
Texnoparkda 2020-2021-yillarda umumiy qiymati 393 million dollardan ziyod boʻlgan 15 ta korxonani ishga tushirish moʻljallangan. Ularda kir yuvish mashinalari, oshxona plitalari, sovutkich va muzlatkichlar, sanoat konditsionerlari, lift va eskalatorlar, elektr texnikasi mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari korxona faqat sotish bilan cheklanib qolmay, hisoblagichlarni oʻrnatishdan tortib xizmat koʻrsatishgacha masʼul boʻlishi, ekspluatatsiyaga javob berishi kerakligini taʼkidladi.
– Har bir ishlab chiqarishga kirishishdan oldin standartni oʻylash kerak. Malakali servis uchun ham, eksport uchun ham standart zarur. Afsuski, biz bu sohada dunyodan ancha ortda qoldik. Joylarda standart kafolatini taʼminlaydigan kadrlar juda kam. Shuning uchun mana shunday sanoat korxonalarining oʻzida servis boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish kerak, – dedi Prezident.
Korxonaning servis markazi faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari Texnoparkda amalga oshirilayotgan galdagi loyihalar, ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan sanoat mahsulotlari bilan ham tanishdi.
O’zA