Dzyudochilarimiz “Katta dubulg‘a”ni 2 oltin medal bilan yakunladi

Germaniyaning Dyusseldorf shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnirda dunyoning 115 davlatidan 650 dan ziyod polvon g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Musobaqada 100 kilogrammgacha vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Muhammadkarim Xurramov dastlabki bosqichda Fransiya, Latviya, Mo‘g‘uliston va Ozarbayjondan kelgan dzyudochilarni yenggan bo‘lsa, yarim finalda braziliyalik Rafael Buxakarini, final jangida ozarbayjonlik Elmar Gasimovni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 90 kilogrammgacha bo‘lgan Davlat Bobonov esa finalga qadar Tojikiston, Qozog‘iston, Gruziya va Kuba vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi. Final bellashuvida ukrainalik Kuedjau Nabalini ippon evaziga mag‘lub etdi hamda shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Shu tariqa, nufuzli turnirni ikki oltin medal bilan yakunlagan terma jamoamiz kuchli uchlikdan joy oldi.

 

Javohir TOShXO‘JAEV, O‘zA