Shavkat Mirziyoev Turkiyaga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 fevral kuni tashrif bilan Turkiya Respublikasiga jo‘nab ketdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Anqara shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikning holati va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha fikr almashiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi, Turkiya Respublikasi Prezidenti kutubxonasi majmuasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.

 

O‘zA