Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hokimi Seydamat Avezov Toshkent shahrida tahsil olayotgan tuman yoshlari bilan uchrashdi.
Toshkent shahridagi Yoshlar markazi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodlarini yuzaga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, taklif va muammolarini yaqindan o‘rganib, ularning o‘z hayot yo‘llarini aniq belgilab olishlariga yordam berish, kelajagimiz davomchilari yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, joriy yilgi bitiruvchilarga 300 dan ortiq vakant ish o‘rni taklif qilinadi.
Tadbirda yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi va ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. O‘qishda va jamoat ishlarida faol yoshlarga tuman hokimligining tashakkurnomasi va sovg‘alari topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA