Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha videomuloqot

Toshkentda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining AQSh davlat departamenti a’zolari bilan videokonferensaloqa shaklidagi birinchi muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston bilan AQShning mutasaddi vazirlik va idoralari mas’ul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva nutq so‘zladi.
O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalasi mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buni so‘nggi uch yilda mazkur yo‘nalishda 13 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilinganida ham ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, joriy yil iyul oyida Prezidentimizning tegishli farmoni asosida Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyati tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil qilindi hamda ushbu masala bo‘yicha “Milliy ma’ruzachi” instituti joriy etildi.
Bugungi kunda komissiyaning barcha huquqiy asoslari yaratilib, Milliy komissiya va uning tarkibidagi kichik komissiyalar, hududiy komissiyalar ishini tizimli yo‘lga qo‘yish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish, ularning hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan qator choralar belgilandi. Xususan, 2019-2020 yillarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.
Yana bir jihat, Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSh davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda odam savdosi va majburiy mehnat sohasida O‘zbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, xorijda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.
Mamlakatimizda jinoyatchilikning har qanday shakliga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar olib borilmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida odam savdosiga qarshi kurashish hamda tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish borasidagi profilaktik va tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar oxirgi ikki yilda sezilarli darajada kamaydi. Xalqaro tajribani hisobga olgan holda, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Videokonferensiyada qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazilayotgani, jumladan, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil oktabr oyidagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi darajaga olib chiqishga ko‘maklashishi qayd etildi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan qishloq xo‘jaligi sohasida majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2013 yildan boshlangan hamkorlik o‘zining ijobiy samarasini berayotgani ta’kidlandi.
AQSh davlat departamenti vakillari O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, mamlakatda majburiy mehnatdan foydalanish borasidagi vaziyatni monitoring qilish bo‘yicha XMT guruhi ishini ijobiy baholadi. AQSh tomoni bu yo‘nalishda maslahatlashuvlar o‘tkazish va o‘rganishlarni davom ettirish uchun joriy yil dekabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati.

 

O‘zA