Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon banki oʻrtasidagi uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Jahon banki mamlakatimizda ustuvor tarmoqlarda tarkibiy islohotlarni faol qoʻllab-quvvatlamoqda hamda ularning amalga oshirilishida bevosita ishtirok etmoqda.
Joriy yil 18-iyul kuni Toshkentda Iqtisodiy kengashning birinchi majlisi hamda energetika sohasini isloh etish boʻyicha davra suhbati muvaffaqiyatli oʻtkazildi, ular davomida hamkorlikning bosh ustuvor yoʻnalishlari, istiqboldagi sheriklikka doir aniq dastur va loyihalar belgilab olindi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning umumiy hajmi 5,2 milliard dollardan ortgan. Joriy yilning oʻzida Jahon banki 850 million dollardan ziyod boʻlgan yangi kreditlarni maʼqulladi. Ular tadbirkorlik, maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, “Obod qishloq” dasturini birgalikda moliyalashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga doir loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Jahon banki oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Bank-moliya sektori va davlat korxonalarini isloh qilish, taʼlim, tadbirkorlik va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlarida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Devid Melpassning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Bank Oʻzbekistonda ustuvor tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarning surʼati va natijadorligini yuksak baholashi qayd etildi.
Siril Myuller mamlakatimiz va butun mintaqaning barqaror taraqqiyoti yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida Jahon bankining intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladi.
OʻzA