Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Istiqlol yillarida mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Zero, tinch va osoyishta yurtga bayramlar yarashadi. Mustaqillik esa xalqimiz uchun eng ulugʻ va eng aziz bayramdir.
Prezidentimizning joriy yil 8-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tanishgach, bunga yana bir karra ishonch hosil qildim. Bu yilgi bayram tadbirlarining “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” degan shior ostida oʻtkazilishida katta maʼno bor.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida barcha sohalar kabi taʼlimga ham katta eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, umumiy oʻrta taʼlim tizimini bugungi kun talablari asosida tashkil etish, farzandlarimizning har tomonlama kamol topishi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarurligi qayd etildi.
Mustaqil mamlakatimizda iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, oʻqitish jarayoniga ilgʻor texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2018-yilning 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida yuksak salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar – Prezident maktablarini tashkil etishni, bu ishni Qoraqalpogʻistondan, Nukus shahridan boshlashni taklif qilgan edi. Bugungi kunda maktab qurilishi ishlari jadal olib borilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasida ushbu maktabda oʻqish uchun hujjat topshirgan oʻquvchilar soni har bir oʻringa 51 nafardan toʻgʻri kelgani unga boʻlgan qiziqishning nechogʻli yuqori ekanligidan dalolatdir.
Yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni oʻzlashtirishga boʻlgan ragʻbatini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrugʻini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalashda davlatimiz rahbarining joriy yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori muhim ahamiyatga ega boʻldi. Ushbu qarorga muvofiq xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularni tayyorlagan oʻqituvchilarning munosib ragʻbatlantirilishi yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik namunasidir.
Aytish joizki, mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mustaqillik tufaylidir. Shu nuqtai nazardan uni asrab-avaylash, unga munosib boʻlish, eng muhimi, qadriga yetish har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir.
Aysuluv TAJIMURATOVA, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi.
OʻzA