Bugun orol – Moʻynoq boʻstonga oʻxshar

Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorini oʻqir ekanman, “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan shior qalbimga ajib harorat baxsh etdi.
Qoraqalpogʻiston doimo Prezidentimizning diqqat eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Soʻnggi ikki yarim yil ichida Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonda besh marotaba boʻlib, hudud ahvoli bilan yaqindan tanishdi.
2018-yil 15-16-noyabr kunlaridagi safaridan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun 11 trillion 534 milliard soʻmlik 793 loyiha qabul qilinib, uning natijasida 12 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilmoqda. Bundan tashqari, Moʻynoq tumani boʻyicha ikkita qaror qabul qilinib, Qanlikoʻl tumanida ham keng koʻlamli qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Hududda “Shorbuloq“ suv saqlagichi, “Tebinbuloq“ konida metallurgiya majmuasini qurish ishlari boshlab yuborilgan. Barcha shahar va tumanlarda “Obod mahalla“, “Obod qishloq“ dasturlari boʻyicha tadbirlar davom etmoqda. Yoshlar tarbiyasi, xotin-qizlar bandligiga qaratilgan beshta muhim tashabbus, shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi boʻyicha ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Orol muammosi oqibatlarini yumshatish, Orolboʻyi aholisi turmushini yaxshilash borasida katta qadam tashlandi. Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida dunyo hamjamiyatining eʼtiborini Orol muammosiga qaratgani, yaqinda Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida, Dushanbe shahrida oʻtkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning beshinchi sammitida ushbu muammoni yana bir marta koʻtarib chiqqani xalqimizga boʻlgan eʼtibori va gʻamxoʻrligi isbotidir.
Mana bugun Orolboʻyida boʻlayotgan oʻzgarishlar butun dunyo nigohida.
Prezidentimizning tashabbusi bilan Orolboʻyi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb nomlab, uni himoyalashning yangi strategiyasi joriy etilishi, natijada Orol dengizining qurigan hududlarida saksovul ekish ishlari boshlab yuborilgani xalqimizning quvonchiga sabab boʻldi. Bugungi kunda bu yerda million gektardan ortiq maydon ekish ishlariga tayyorlangan boʻlib, qariyb 500 ming gektar maydonga saksovul ekildi. Bu saksovullarning boʻyi 25 santimetrgacha oʻsgani esa bizni yanada quvontirdi.
Prezidentimizning Janubiy Orolboʻyi mintaqasi xalqiga, xususan, moʻynoqliklarga bergan otalarcha mehri barchamizga katta kuch, ilhom baxsh etdi. Hayotga boʻlgan qiziqishimizni yanada oshirib, Vatan ravnaqi uchun mehnat qilishga undadi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi maqomida yashayotganimizdan yuragimiz faxru iftixor tuygʻulariga toʻldi.
Xalqning mamnuniyat va xayrixohlik tuygʻularini sheʼriy misralarimda izhor qilishga jazm etdim:
Bugun orol – Moʻynoq boʻstonga oʻxshar
“Orolqum”dan zahmatlar chekkan,
Jabru jafolari oʻtgan suyakdan.
Uygʻotdingiz xalq umidini,
Goʻyo mehr nuri tushgandek koʻkdan.
Nigohingiz teran, yuksakni koʻzlar,
Kerakmas, dedingiz, havoyi soʻzlar.
Vatan va inson manfaati deb,
Keldi-ku xalq bilan birlashar kezlar.
Bular quruq soʻzmas, yuzingizda nur,
Sururli koʻzingiz – yuragingizdir.
Koʻz va qalbingizdan joy olgani rost,
Million-million hayot va taqdir.
Ming shukur, taqdirga aytdik ming rahmat,
Sizga Alloh bergan shijoat, gʻayrat.
Ismingiz, ishingiz mosu xos erur,
Qalbingizda qaynar elga muhabbat.
Qadam qutlugʻ, qutlugʻ boshlandi ishlar,
Roʻyobini topdi orzular, tushlar.
Baxtimizga omon boʻling hamisha,
Bugun Orol – Moʻynoq boʻstonga oʻxshar.
Kenesbay ALLAMBERGENOV,
Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi,
Berdaq nomidagi Davlat mukofoti sovrindori.

 

OʻzA