Oʻzbekistonda oliy taʼlim sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu, ayniqsa, 2019/2020 oʻquv yili uchun qabul jarayonida yaqqol koʻzga tashlandi. Bunda Prezidentimizning 2019-yil 17-iyundagi “2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori asos boʻldi.
Mazkur qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlganlar uchun bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakli boʻyicha alohida besh foizli qabul koʻrsatkichlari belgilandi. Avvallari harbiylar umumiy qabul kvotasi doirasida oʻqishga qabul qilinar edi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga qoʻshimcha ikki foizli davlat granti ajratildi. Ularga kunduzgi, sirtqi yoki kechki taʼlim shakllaridan birida taʼlim olish huquqi berildi.
Toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan barcha talabalarga oʻz xohishiga koʻra kontrakt toʻlovini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda toʻlash imkoniyati yaratildi.
Oliy taʼlim muassasalariga 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab vazirlik, idora va yirik xoʻjalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos boʻlgan yoʻnalishlar doirasida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida sirtqi va kechki taʼlim shaklida oʻqitishi mumkin.
Bunda oʻqishga qabul qilish tegishli ish beruvchilarning tavsiyasi asosida kamida besh yil ish stajiga ega boʻlgan xodimlar ish faoliyatiga mos boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat natijalariga asosan qabul qilinadi. Ular keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berishi kerak.
Oliy taʼlim muassasalari rektorlariga (filiallar direktorlari) boʻysunuvi boʻyicha vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda chet el fuqarolarini toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda belgilash huquqi berildi.
2019/2020 oʻquv yilida OTMlarga davlat buyurtmasi asosida bakalavriatga kunduzgi taʼlim shakliga 80 ming 430, sirtqi taʼlim shakliga 19 ming 985, kechki taʼlim shakliga esa 1 ming 985 nafar kvota ajratildi. 2018/2019 oʻquv yili bakalavr uchun 69 ming 200 kvota ajratilgan edi.
Joriy yilda OTMlarga qabul jarayonida abituriyentlarga juda qulay sharoitlar yaratildi. Jumladan, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda abituriyentlarga 3 ta taʼlim yoʻnalishini tanlash huquqi berildi.
Abituriyentlardan ortiqcha hujjatlar talab etilmadi. Ular qabul komissiyasiga borib pasport, umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatgani haqidagi hujjat ilovasini taqdim etdi, xolos. Imtiyozga ega boʻlgan abituriyentning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatni ham qabul komissiyasiga taqdim etishi kifoya boʻldi.
Abituriyentlarga Toshkent davlat yuridik, Qoraqalpoq, Fargʻona, Samarqand va Guliston davlat universitetlariga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratildi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali abituriyentlar oʻziga qulay boʻlgan vaqtda OTMga hujjat topshirdi. Qabulning oxirgi kunlarida DXM abituriyentlardan hujjatlarni kunu tun qabul qildi.
Boshqa barcha oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan qabul komissiyalarida abituriyentlar oʻzlari tanlagan taʼlim yoʻnalishlari, oliy taʼlim muassasasi va hududidan qatʼiy nazar test sinovlarida ishtirok etishi uchun roʻyxatdan oʻtdi.
Abituriyentlar xohishlariga koʻra, Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun shu (oʻzi birinchi OTM sifatida tanlagan) yoki boshqa oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan qabul komissiyalarida roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratildi.
Bu yil qayta hujjat topshirganlar 101 ming 365 soʻm toʻlovni amalga oshirdi.
Bu hali hammasi emas. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab “Matematika” fanidan berilgan test topshiriqlariga “Informatika” fanidan savollar qoʻshilmaydi, faqat matematika faniga oid savollardan tarkib topadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi qarori asosida amaldagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ning 11-ilovasida keltirilgan JAVOBLAR VARAQASIga oʻzgartirishlar kiritildi. Javoblar varaqasiga oid oʻzgarishlarni hisobga olib, Davlat test markazi mutaxassislari tomonidan yangi namunadagi javoblar varaqasini toʻldirish boʻyicha elektron qoʻllanma ishlab chiqildi va saytga joylashtirildi.
Abituriyentlar 15-iyundan 15-iyulgacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim boʻyicha hujjat topshirdi.
Biz Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetlarida boʻlib, qabul jarayoning tugashini kuzatdik.
– Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarjima nazariyasi yoʻnalishiga hujjat topshirdim, – dedi surxondaryolik Roza Navroʻzova.– Beshinchi marta OTMga hujjat topshirishim. Shuning uchun ham yetti oʻlchab bir kesay, deb qabulning oxirgi kuni roʻyxatdan oʻtdim. Boshqa OTMlarga qancha abituriyent topshirganini kuzatdim, oʻz imkoniyatimni chamaladim. Oxirgi kun hujjat topshirishimning yana bir sababi diplomim viloyatda edi. Olib kelishga shoshilmadim. Bu yil uch imkoniyat berildi-ku. Ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanaman.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining maʼlumotlariga koʻra, respublikamizdagi OTMlarga jami 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Shundan kunduzgi taʼlimga 718 ming 97, sirtqi taʼlimga 335 ming 7 va kechki taʼlim shakliga 13 ming 821 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.
Joriy yilda abituriyentlar eng koʻp tanlagan OTM Samarqand davlat universiteti – 74 ming 377, tanlov koʻrsatkichi eng yuqori boʻlgan OTM (birinchi tanlangan taʼlim yoʻnalishlariga nisbatan, birinchi oʻringa) Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali boʻlib, 29 ming 47 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
14 yoshdan 87 yoshgacha boʻlgan abituriyentlar talabalikka daʼvogar.
Test imtihonlari joriy yil 25-iyuldan boshlanishi kutilmoqda.
Xurshid Qodirov, OʻzA