Sihatgohda bemorlar asosan yuqori haroratli suv (yer yuzasida chiqishda harorati +18°S dan + 44°S gacha) bilan davolanadi. Bunda iqlimiy, parafin, elektr-yorug‘lik, fitoterapiya, funksional terapiya, parhez bilan davolash va sanatoriya-kurort uslublari keng qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, mineral vannalar, fizioterapiya, elektroforez, galvanizatsiya, igna bilan davolash, stomatologiya, kosmetologiya, galoterapiya (tuzli shaxta), suzish havzasi, fitnes-zal, fitobar ham mavjud.
Sihatgohdagi zamonaviy klinik va bio-kimyoviy laboratoriya, UTT va EKG tashhislash uskunalari bemorlarga aniq tashhis qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun bu tashabbus amaliy ifodasini topmoqda. Ulkan qurilish, obodonlashtirish maydoniga aylangan Xonobod shahari kun sayin chiroy ochmoqda. Jumladan, 2018 yil iyul oyida respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan “Xonobod” sihatgohi ishga tushirildi. 180 o‘ringa mo‘ljallangan sihatgohni barpo etish uchun 90 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Davolash binolari, standart, yarimluks va luks xonalar, 6 ta apartamentda barcha sharoitlar yaratildi.
Davlatimiz rahbari sanatoriyda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Endi ushbu tog‘li hududda yengil konstruksiyalardan mehmon uylari tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoev bu xizmatlar narxini kamaytirib, qamrovni kengaytirish, yana ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi. Sihatgoh hududidagi yer maydonlarini tadbirkorlarga berish orqali 3 ming kishi dam oladigan maskanlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Taqdimotda Xonobod shahrida 2017-2019 yillarda amalga oshirilgan ishlar, Kampirravot mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Inimpeks Alliance” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan dam olish maskanlari tashkil etish, “Lu Yang Agroculture” xorijiy korxonasi tomonidan mevali bog‘lar va poliz ekinlari, sitrus mevalar va bodom bog‘larini tashkil etish loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi ob’ektida turizmni rivojlantirish loyihasini amalga oshirilishi tariximizni, o‘zligimizni anglashga xizmat qiladi. Bu yerga maktab o‘quvchilarini sayohatga olib kelish darkor. Zero, madaniy merosimizni bugungi avlod yaxshi bilishi, u bilan faxrlanishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari..
Xonobod faollari bilan o‘tkazilgan muloqotda Xonobod shahrini har tomonlama rivojlantirish, aholi bandligi va farovonligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini tiklash, ekologik musaffolikni ta’minlash, turizmni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, innovatsion yondashuv, tabdirkorlikni qo‘lab-quvvatlash, ish o‘rinlarini yaratish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish zarurligi qayt etildi.