Avval xabar qilinganidek, 19 mart kuni bu borada videoselektor yigʻilishi oʻtkazilib, birlamchi vazifalar belgilab berilgan edi. Ularga muvofiq har bir tashabbus boʻyicha chora-tadbirlar dasturlari loyihalari ishlab chiqildi.
Yigʻilishda mazkur dasturlarga kiritilgan takliflar, ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Xususan, birinchi tashabbus boʻyicha yoshlarni madaniyat va sanʼat muassasalariga keng jalb etishga oid dastur loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, 2019-2020 yillarda 14 dan 30 yoshgacha boʻlgan 2 million nafar yoshni madaniyat va sanʼat sohasiga jalb etish boʻyicha hududiy “yoʻl xarita”larini tasdiqlash koʻzda tutilgan. Shuningdek, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida qoʻshimcha sinflar, madaniyat markazlarida cholgʻu, xonandalik, tasviriy sanʼat toʻgaraklari, havaskorlik teatr jamoalari va bolalar ansambllarini tashkil etish belgilangan. Yangidan quriladigan, rekonstruksiya va kapital taʼmirlanadigan hamda jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxati ham shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari dastur loyihasida tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari yetarli emasligi, har bir shahar va tumanga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilgan soha namoyandalarining amaliy vazifalari aniq belgilanmaganini qayd etdi. Hududiy “yoʻl xarita”lari ijrosini tizimli tashkil etish, toʻgarak va sinflarga qamrab olingan bolalarni ragʻbatlantirish, jumladan, turli tanlovlar oʻtkazish zarurligini taʼkidladi.
Belgilangan qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari, shuningdek, madaniyat markazlari, musiqa va sanʼat maktablarini zarur cholgʻu asboblari bilan taʼminlash uchun tegishli mablagʻ ajratish boʻyicha topshiriq berildi.
Ikkinchi tashabbus yuzasidan tayyorlangan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgan dastur loyihasida yaqin 2 yilda har bir tumanda yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish belgilangan.
Prezidentimiz mavjud va yangi quriladigan sport inshootlariga aholi va yoshlarni keng jalb etish, ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazishni yanada koʻpaytirish kerakligini taʼkidladi.
Uchinchi tashabbusga muvofiq aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur loyihasi ishlab chiqilgan. Unda 2019-2020 yillarda tuman va shaharlarda raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etish va ularda bepul taʼlim berish, 19 mingga yaqin ijtimoiy soha obyektini yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulash koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda aholining kompyuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziqqan bolalarning salohiyatini roʻyobga chiqarish va malakali mutaxassis darajasiga olib chiqish, dasturiy mahsulotlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish chora-tadbirlar dasturi loyihasi toʻrtinchi tashabbus maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan. Unga koʻra, har bir hududga 1 million donadan badiiy, tarixiy, ilmiy, ommabop mavzulardagi kitoblar yetkazib berish koʻzda tutilgan. Shuningdek, axborot-kutubxona markazlarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, tadbirkorlar tomonidan xalq kutubxonalari ochish ham belgilangan.
Beshinchi tashabbus boʻyicha hududlarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xotin-qizlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari dasturi loyihasi tayyorlangan. 2019-2020 yillarda har bir tumanda yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalarini qurish va ayollar uchun ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilmoqda.
Yigʻilishda ushbu korxonalarni puxta hisob-kitob asosida tashkil etish, ularda ishlab chiqariladigan mahsulotlar bozorini, yaʼni aniq xaridorini topish yuzasidan takliflar bildirildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitilib, dasturlar loyihalarini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.