Oʻzbekiston – Latviya siyosiy maslahatlashuvlari

Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi oʻrinbosari, siyosiy direktori Yanis Majeykis boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkentda 28 mart kuni Oʻzbekiston – Latviya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining 14 raundi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda ikki mamlakat delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Ahatov va Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi oʻrinbosari, siyosiy direktori Yanis Majeykis rahbarlik qildi.

Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik, BMT doirasida, shuningdek, “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” shaklidagi aloqalarning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Qator xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston – Latviya oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilgan 1992 yildan buyon samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirildi.

Latviya mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi asosiy savdo sheriklaridan. 2018 yilda oʻzaro tovar aylanmasi hajmi 429 million AQSH dollaridan ortiqni tashkil qildi. Bu 2017 yilga nisbatan 50 foizga koʻpdir.

Anjumanda tovar va xizmatlar nomenklaturasini kengaytirish orqali mahsulot yetkazib berishni diversifikatsiya qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Bu boradagi vazifalarga ijobiy yechim topishda Toshkent shahrida Oʻzbekiston – Latviya hamkorlik kengashining birinchi majlisini oʻtkazish muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

Tadbirda turizm, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, madaniyat sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari ekani taʼkidlandi. Oʻzaro munosabatlardagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

***

Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Latviya delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

 

OʻzA