Maktablarda soxta testlar tarqalib ketdi

ugungi kunda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning foydalanishlari uchun turli internet saytlari orqali go‘yoki, “PISA testlari” sotilmoqda.
Ma’lumot sifatida aytish joizki, PISA, PIRLS, TIMSS va TALIS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishda o‘tgan yillar davomida qo‘llanilgan namunaviy testlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi qoshidagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan taqdim etiladi.
Yuqoridagi holatlarning oldini olish va xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tajribalarni ommalashtirish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida seminarlar tashkil etilmoqda.
photo5222266128825428670.jpg
Ushbu seminarning birinchisi Toshkent viloyatida uyushtirildi. Seminarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazining xodimlari hamda Toshkent viloyatidagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘lim mudirlari, inspektor-metodistlari, tayanch maktab direktorlari ishtirok etishdi.
Shu o‘rinda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar to‘la tushunib olishlari uchun xalqaro tadqiqotlarning mazmuni haqida keltirib o‘tish maqsadga muvofiq:
PIRLS – boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasi baholash;
TIMSS – 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;
PISA – 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;
TALIS – umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari va o‘qituvchilari bilan so‘rovnoma o‘tkazish orqali maktabda o‘qitish va ta’lim olish jarayonlari samaradorligini baholash.
PISA xalqaro tadqiqotida 15 yoshu 3 oylikdan 16 yoshu 2 oylikkacha bo‘lgan o‘quvchilar qamrab olinadi. Tadqiqotni har uch yilda bir marotaba o‘tkazilishi esa davlatlarga o‘z ta’lim tizimlarida kelajakda erishish ko‘zda tutilgan asosiy maqsadlarni aniqlab olish imkoniyatini yaratib beradi.
photo5222266128825428671.jpg
Dasturda quyidagi masalalarga e’tibor qaratiladi:
Maktablar o‘quvchi yoshlarni katta hayotga o‘tishiga munosib ravishda tayyorlay olayaptilarmi?;
Qaysi turdagi o‘quv dasturlari boshqalariga nisbatan samaraliroq?;
Maktablar ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan o‘quvchilarning sharoitini yaxshilanishiga qanday yordam beradi va boshqalar.
PISA muayyan maktab o‘quv dasturlarining ustunligini o‘rganish o‘rniga, o‘quvchilarning asosiy mavzularda bilim va ko‘nikmalarini qo‘llay olish qobiliyati, muammolarni tahlil qilish, sharhlash va samarali hal qilish, fikrlash va muloqot qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
Yurtimizda o‘quvchilarimizning xalqaro tadqiqotlarda munosib ishtirok etishi, har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rishiga bog‘liq.
Ma’lumot uchun, PISA xalqaro tadqiqotida ishtirok etish bilan bog‘liq iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro READ dasturi, Avstraliya ta’lim tadqiqotlari kengashi va Rossiya Ta’lim akademiyasi Ta’limni rivojlantirish strategiyasi instituti,Ta’lim sifatini baholash milliy markazi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, maslahatchi sifatida xalqaro ekspertlar jalb qilingan edi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 
matbuot xizmati 

 

O‘zA