Oʻzbekiston Oliy sudi hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyati Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Oliy sud raisi oʻrinbosari Xolmoʻmin Yodgorov mehmonlarni tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, inson huquqlarini taʼminlash borasidagi yangi imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik aloqalari bilan tanishtirdi.
Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati rahbari York Pudelka Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarga yuqori baho berdi.
Uchrashuvda oʻtgan davr mobaynida Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyatining “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka koʻmaklashish” dasturi koʻmagida amalga oshirilgan tadbirlar natijalari sarhisob qilinib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Mazkur bitim Oʻzbekistonda sudlar faoliyatini isloh qilish va takomillashtirishdagi dolzarb muammolar muhokamasiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya, davra suhbatlari va treninglar oʻtkazish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida rivojlangan mamlakatlarga xizmat safarlari uyushtirish, sud amaliyotiga oid maxsus adabiyotlarni tayyorlash va boshqa yoʻnalishlardagi oʻzaro aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

 

OʻzA