5 mart kuni Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Bugun, 6 mart kuni tashrif doirasida Bosh kotib K.Mikuriya Davlat bojxona qoʻmitasi rahbariyati bilan uchrashib, xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Oʻzaro muloqotda Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.Azimov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashqi siyosat borasida xorijiy davlatlar bilan olib borilayotgan konstruktiv va oʻzaro manfaatga asoslangan hamkorlik bojxona sohasida ham oʻzining jadal ifodasini topayotganligini taʼkidladi.
Suhbat davomida Bosh kotib K.Mikuriya soʻnggi ikki yil davomida Oʻzbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatib borayotgani, xususan, respublikadagi barcha xalqaro aeroportlarda bojxonadan oʻtishda joriy qilingan ikki yoʻlakli tizim, tovar va transport vositalarining bojxona nazoratida qoʻllanilayotgan Xavflarni boshqarish tizimi, qoʻshni davlatlar bilan faol ravishda tiklanayotgan oʻzaro bordi-keldilar, oʻnlab chegara-bojxona oʻtkazish punktlarining qayta faoliyat koʻrsatayotganligini eʼtirof etdi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor Oʻzbekistonning Jahon bojxona tashkiloti va xorijiy davlatlar bilan bojxona sohasidagi oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Dunyoning 200 ga yaqin davlatlarini oʻzida birlashtirgan mazkur nufuzli tashkilotga Oʻzbekiston 1992 yil 28 iyuldan aʼzo hisoblanadi. Oʻzbekiston Jahon bojxona tashkilotining bojxona amaliyotlari bilan bogʻliq 20 dan ortiq xalqaro konvensiyalarga qoʻshilgan.
Jahon bojxona tashkilotining dunyo boʻylab joriy qilingan “Savdoga koʻmaklashish va xavfsizlik standartlari”ning muhim tamoyili boʻlmish “Biznes uchun bojxona” (Customs to Business) yoʻnalishida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi.
Xususan, turli davlatlar bilan ikki tomonlama savdoni rivojlantirish va fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida Tojikiston Respublikasi chegarasida joylashgan 10 ta, Qozogʻiston Respublikasi bilan chegarada joylashgan 2 ta chegara oʻtkazish punktlari, qoʻshimcha 55 ta tranzit yoʻlaklari ishga tushirilgan.
Qayd etilishicha, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Belarus davlatlari bilan ayrim tovarlar uchun soddalashtirilgan bojxona yoʻlaklari tashkil etish boʻyicha bitimlar imzolangan. Bojxona xizmatlari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston bojxona xizmati tomonidan ishlab chiqilgan bitim loyihalari boʻyicha dunyoning 22 ta davlatiga takliflar yuborilgan.
Shuningdek, Bojxona xizmatlari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish hamkorlikni oshirish maqsadida 2018 yilda Jahon bojxona tashkilotining “Mintaqaviy oʻquv markazi” maqomiga ega boʻlgan davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazida Tojikiston bojxona xizmatining 15 nafar kinologlari uchun begʻaraz asosda 2 oylik oʻquv kurslari tashkil qilingan.
Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi K.Mikuriyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
Malohat Husanova, OʻzA