Oʻzbekiston – Vengriya ishbilarmon doiralari hamkorlik qiladi

Oʻzbekiston – Vengriya savdo-iqtisodiy hamkorligi boʻyicha hukumatlararo majlis munosabati bilan mamlakatimiz delegatsiyasining Budapeshtga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida 5 mart kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Vengriya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Peter Siyyarto bilan muzokara oʻtkazgan. 
Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi PR markazi maʼlum qiladi.
Qayd etilishicha, tomonlar investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish va oʻzaro savdo aylanmasi hajmini oshirishni koʻzda tutuvchi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan.
Muloqot chogʻida Vengriya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri istiqbolda ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar izchil rivojlanishiga umid bildirgan. Uningcha, bu jarayon Oʻzbekiston bilan Vengriyaning iqtisodiy hamkorligini mustahkamlaydi va oʻzaro ijtimoiy-madaniy aloqalariga faol taʼsir koʻrsatadi.
999b61c9-4a4d-491a-a274-ef74ecbf8f97.jpg
Xabarda qoʻshimcha qilinishicha, huddi shu kuni Budapeshtda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligini kengaytirishga bagʻishlangan Oʻzbekiston – Vengriya biznes-forumi ham oʻtkazilgan. Unda Vengriya tomonidan agrosanoat, chorvachilik, qurilish va injiniring, energetika, farmatsevtika, mashinasozlik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm kabi sohalar boʻyicha yirik biznes vakillari ishtirok etgan.
Forumda Vengriya hukumati vakillari ilmiy ishlanmalar va oliy taʼlim sohalarida ham oʻzaro almashinuvni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻrtada katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlagan. Shu bilan birga joriy yilda har ikki yoʻnalishda sayyohlar oqimi kuchayishiga umid bildirgan.
Forum yakuni boʻyicha tomonlar aniq loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik bitimlarini imzolagan.

 

Malohat Husanova, OʻzA