Deputatlar suyultirilgan gaz taʼminotidagi muammolarni koʻtardi

2019 yil 5 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”ga quyi palatadagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusi bilan “Aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida”gi masala kiritildi.
Mazkur masala yuzasidan axborot berish hamda deputatlar savollariga atroflicha javob qaytarish uchun quyi palataga Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xodjayev taklif etildi.
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi “Aholi va ijtimoiy soha obyektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori joylarda aholini qiynab kelayotgan dolzarb muammolardan birini hal etishga qaratilgan.
Vazir oʻz axborotida taʼkidlaganidek, aholi va ijtimoiy soha obyektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi hamda aholi uchun belgilangan narxlar boʻyicha isteʼmol qiluvchi ijtimoiy soha obyektlari roʻyxati tasdiqlangan. Bu borada hozirgi kunga qadar qator ishlar amalga oshirilgan. Ayni paytda respublika boʻyicha jami 3,3 millionta suyultirilgan gaz abonenti boʻlib, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan jami 3,4 million dona maishiy gaz balloni yetkazib berilgan. Bundan tashqari, aholining shaxsiy 1,1 million dona gaz balloni bor. Yaʼni, abonentlar soniga nisbatan taʼminlanganlik darajasi 137 foizni tashkil etadi. Qolaversa, shu yilning 1 yanvar holatiga koʻra, respublika boʻyicha 2,1 millionta ijtimoiy soha obyektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
2019 yilda suyultirilgan gaz manbalari va taqsimoti balansiga koʻra, joriy yilda 806,1 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, shundan 474,7 tonnasi yoki oʻtgan yilga nisbatan 60,7 ming tonna koʻprogʻi aholining maishiy ehtiyojlari uchun yetkazib berilishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi qarorida suyultirilgan gaz asosan aholining oʻsib borayotgan maishiy ehtiyojlarini qoplash uchun yoʻnaltirilishi belgilanganini inobatga olib, suyultirilgan gazni birjada sotish miqdori yildan-yilga kamaytirilib borilmoqda.
Qisqa qilib aytganda, sohada amalga oshirilayotgan ibratli ishlar talaygina. Ammo ayni yoʻnalishda Hukumat darajasida bir qator hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, hududlarda aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berishda koʻplab kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilmoqda.
Deputatlar vazirga bu boradagi masalalar, aholini qiynab kelayotgan aniq muammolar xususida savollar bilan murojaat etdilar. Ayniqsa, parlament vakillarining eʼtiroziga sabab boʻlgan masala – tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni oʻz vaqtida suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, gaz ballonlari standartlari va ularning toʻlovi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan izoh soʻraldi.
Aytish joizki, ushbu masalaning parlamentda oʻtkaziladigan “Hukumat soati”da eshitilishi bejiz emas. Oliy Majlis quyi palatasi vakillarining saylovchilar bilan oʻtkazayotgan ochiq muloqotlari davomida kelib tushayotgan koʻplab murojaatlar tahlili aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash borasida muammolar yuzaga kelayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, joriy yil yanvar va fevral oyining oxirgi haftasida saylov okruglarida oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida deputatlar tomonidan ushbu masala oʻrganilganda, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan bir qancha kamchiliklar aniqlandi.
Masalan, aholi koʻtarayotgan muammolarga koʻra, 20 kilogrammli maishiy gaz ballonlariga koʻp hollarda meʼyordagidan kam quyilayotgani isteʼmolchilarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Yoki gaz olish uchun kelgan aholi vakillarining bank plastik kartasi orqali toʻlovni amalga oshira olmasligi noqulaylik keltirib chiqarayotganiga doir faktlar ham bor.
Vazir deputatlar savollariga javob qaytarar ekan, bunday salbiy holatlar uchrab turganini, bu masalada vazirlik tomonidan jiddiy nazorat olib borilayotgani, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan choralar koʻrilayotganini qayd etdi. Oʻz navbatida, bu borada qilinishi kerak boʻlgan ishlar, nazorat qiluvchi va boshqa mutasaddilar masʼuliyatini yanada oshirish yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirib oʻtdi.
“Hukumat soati” doirasida berilgan savol-javoblardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.
Oʻz navbatida, “Hukumat soati”da koʻtarilgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan parlament quyi palatasiga qoʻshimcha ravishda maʼlumot taqdim etilishi maʼlum qilindi.
Yigʻilish yakunida aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash boʻyicha qilinayotgan ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

OʻzA