Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 3-noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlis hukumatlar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Unda Armaniston Bosh vaziri Karen Karapetyan, Belarus Bosh vaziri Andrey Kobyakov, Qozog‘iston Bosh vaziri Bakitjan Sagintayev, Qirg‘iziston Bosh vaziri Sapar Isoqov, Rossiya Hukumati raisi Dmitriy Medvedev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Eyubov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Esenmurat Orazgeldiyev, Moldovaning MDH ustavi doirasidagi va boshqa organlari huzuridagi muxtor vakili Viktor Sorogan ishtirok etdi. Majlisda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi. Hukumat rahbarlari Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.

MDH Hukumat rahbarlari kengashi Hamdo‘stlik mamlakatlari ijro hokimiyatlarining iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi hamkorligini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi organidir.

Hukumat rahbarlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashining topshiriqlarini amalga oshiradi, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish va ularni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar qabul qiladi. Bundan tashqari, transport, aloqa va energetika tizimlarini rivojlantirish, tarif, kredit-moliya va soliq siyosatiga oid masalalar bo‘yicha hamkorlik qilish, ilmiy-texnologik makonni yaratishga qaratilgan mexanizmlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga keng qamrovli dolzarb masalalar bo‘yicha ochiq va ishonchli fikr almashish platformasi sifatida qaraydi. Mamlakatimiz tashkilotda qator yo‘nalishlar, jumladan, savdo, investitsiyalar, transport, turizm, fan, ta’lim, xavfsizlik kabi sohalar bo‘yicha o‘z ishtirokini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishni rejalashtirgan.

Toshkentda birinchi marta o‘tkazilgan MDH Hukumat rahbarlari kengashining majlisida a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga doir 20 ga yaqin masala ko‘rib chiqildi.

Kengaytirilgan tarkibdagi muhokamalarda Hukumat rahbarlari xalqaro kartellarga qarshi samarali kurashishda dunyo hamjamiyati kuchlarini birlashtirishga oid bayonotni muhokama qildi. Bayonotda MDH davlatlarida xalqaro kartellarga qarshi kurashishda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Ishtirokchilar Hamdo‘stlik mamlakatlari iqtisodiyotining barqaror o‘sishida hamkorlikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Hukumat rahbarlari 2011-yil 18-oktabrda qabul qilingan Erkin savdo zonasiga oid shartnoma nizomlari ijrosiga doir ma’lumotni ko‘rib chiqib, shartnomada savdo munozaralarini hal etish bo‘yicha ko‘zda tutilgan mexanizmlar tomonlarning shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlari bajarilishiga doir kelishmovchiliklarni tartibga soladigan o‘zaro manfaatli samarali vosita hisoblanishini ta’kidladi.

Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning neft va gaz mashinasozligi, melioratsiya va tovarlarning bojxona narxlari masalalari kabi sohalar bo‘yicha hamkorlik, jumladan, ularning ijrosiga doir dastlabki tadbirlar rejasi qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokamalarda Hamdo‘stlik organlarining 2017-yilgi yagona byudjetiga o‘zgartirishlar kiritish, MDH organlarining 2018-yilgi yagona byudjetini tasdiqlash hamda bosh prokurorlar muvofiqlashtiruvchi kotibiyati faoliyati va MDH ishtirokchilari Davlatlararo insonparvarlik hamkorlik fondi organlari faoliyatini ta’minlashda a’zo davlatlar hissa badaliga o‘zgartirishlar kiritishga doir masalalar ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumot almashish bo‘yicha kelishuv loyihasi Hamdo‘stlik makonida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ahamiyatli sanaladi. Ushbu hujjat a’zo davlatlarning bojxona chegaralari orqali o‘tadigan tovarlarning deklaratsiya qilingan bojxona qiymati ishonchliligini ta’minlashda hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

Bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bosh tortish harakatlariga qarshi kurashishga qaratilgan hujjat MDH davlatlari chegaralaridan o‘tadigan tovarlarning bojxona qiymatini samarali nazorat qilish imkonini beradi. Hukumat rahbarlari mazkur hujjatni ma’qulladi.

Iqtisodiy bo‘limdan MDH hududida erkin savdo rejimiga bevosita bog‘liq bo‘lgan yana bir hujjat o‘rin olgan bo‘lib, bu 2009-yil 20-noyabrda qabul qilingan tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga oid kelishuvga o‘zgartirish kiritishga doir bayonnomadir.

Majlisda MDH doirasida terrorizm, ekstremizm, shuningdek, ularni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha a’zo davlatlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

Ma’lumki, o‘tgan yillar mobaynida MDH hududida zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, mintaqani barqaror iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash, ijtimoiy-madaniy sohada hamkorlikni kengaytirish uchun muhim shartnomaviy-huquqiy asos yaratildi.

A’zo davlatlar o‘rtasida idoralararo ma’lumotlar almashish, uning huquqiy asoslari, axborot almashinuvida xalqaro va milliy qonunchilik tizimiga putur yetkazmaslik holatlari o‘rganilmoqda. Shuningdek, mazkur tashabbus doirasida vakolatli idora va tashkilotlarning o‘zaro maslahatlashuvini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Majlisda MDH makonida terrorizm va ekstremizm harakatlarini moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga urinishlar a’zo davlatlarning ixtisoslashtirilgan ma’lumotlar bazasi orqali aniqlanishi qayd etildi.

O‘zaro ishonch va ishchanlik ruhida o‘tgan muzokaralar so‘nggida 2020-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, MDHga a’zo davlatlarda tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada rivojlantirish, urush faxriylari va ularning oila a’zolari turmush darajasini yuksaltirish hamda boshqa qator masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali bo‘lgani, imzolangan hujjatlar MDH mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Hukumat rahbarlari MDH Hukumat rahbarlari kengashining majlisi yuksak saviyada tashkil qilinganini yakdil e’tirof etib, samimiy mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston Respublikasiga minnatdorlik bildirdi.

Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini 2018-yil iyun oyida Tojikiston Respublikasida o‘tkazishga kelishib olindi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA