Istanbuldagi oliy darajadagi xalqaro sessiyaga Oʻzbekiston rahbarlik qilmoqda

JSST Yevropa mintaqaviy byurosining oliy darajadagi sessiyalarining biri Istanbul shahrida oʻtkazilmoqda.
Turkiyaning Istanbul shahrida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining Sogʻliqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish mavzusiga bagʻishlangan oliy darajadagi vazirlar yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Unda JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo 53 davlatning sogʻliqni saqlash vazirlari, xalqaro ekspertlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.
Mazkur uch kunlik yigʻilishda tibbiyot sohasida global darajadagi masalalar atroflicha koʻrib chiqilmoqda. Jumladan, favqulodda vaziyatlarda sogʻliqni saqlash samaradorligini oshirish boʻyicha majburiyatlarni kuchaytirish hamda ijrosiga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan atroflicha muhokamalar yigʻilish ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotmoqda.
Muhokamalar sessiyalarga boʻlingan holda davom etdi. Jumladan, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov raisligida oʻtgan yakunlovchi yalpi majlisda mintaqada salomatlikni asrash borasida 2023 yilgacha va undan keyingi rivojlanish bosqichlari keng muhokama etildi.
Darhaqiqat, favqulodda vaziyatlarda salomatlik uchun barcha tahdidlarga qarshi yetarli darajada himoyani taʼminlash uchun milliy va umumiy ijtimoiy yondashuvga asoslangan siyosiy majburiyat va yuqori darajadagi moliyaviy yordam talab qilinadi. Shu bois jamiyat sogʻligʻiga tahdidlarning oldini olish, ularni tayyorlash, aniqlash va tartibga solish, zarur hollarda aʼzo mamlakatlarga yordam berish uchun milliy strategik imkoniyatlarni mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash muhim oʻrin tutadi.
Oliy darajadagi vazirlar yigʻilishi davom etmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati

 

OʻzA