Materiallarimiz orqali xabar berib borilayotganidek, shu kunlarda Orol dengizining qurib qolgan hududida yashil oʻrmonzorlar barpo etish maqsadida ilgari hech kuzatilmagan ulkan qamrov va miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Har kuni 500 dan ziyod texnika hamda aviatsiya yordamida ariq tortish, baronalash va saksovul urugʻini sepish ishlari bajarilmoqda.
Aniq raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, shu kungacha Orolning qurigan qismida:
440 ming gektardan ortiq maydonda saksovul ekish uchun ariq tortish ishlari bajarildi;
162 ming gektardan ziyod maydonga 614 tonnadan ortiq saksovul urugʻi sepildi;
Shundan 98 ming 400 gektar maydonga urugʻ aviatsiya yordamida sepildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari topshirigʻiga binoan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, dengizning qurigan qismi va Orolboʻyi mintaqasida ekologik muhitni barqarorlashtirish, aholining hayot sifati va turmush darajasini oshirish, mazkur hududlarda xoʻjalik yuritishning yangi shakllarini joriy etish va rivojlantirish masalalariga kompleks tarzda yondashilmoqda. Yaʼni, bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlgan, bir-birini toʻldiradigan saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 500 ming gektar maydonda “yashil qalqon” yaratish ishlari bilan bir qatorda yer ostidan isteʼmolga yaroqli, qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanish mumkin boʻlgan suv zaxiralarini izlab topish, quduq qazib, suv chiqarish chora-tadbirlari ham koʻrilmoqda. Quvonarlisi shundaki, Orolboʻyi aholisining buguni va uzoq kelajagini oʻylab olib borilayotgan ana shunday ezgu ishlar oʻzining dastlabki natijalarini ham bermoqda.
Oʻtgan hafta soʻnggida Moʻynoqdan shimoli-sharqiy yoʻnalishda 200 kilometrdan ziyod masofada, sobiq Borsakelmas orolining sharqiy qismidagi Shagʻala massivida ilk quduqdan suv chiqarildi.
Orolboʻyi aholisiga ulkan shodlik va umid baxsh etgan mazkur tarixiy voqea – suv koʻzining ochilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, moʻynoqliklar hamda Orol dengizining suvsiz qolgan maydonida mehnat qilayotgan hasharchilar ishtirok etdi.
Marosimda soʻzga chiqqanlar yigʻilganlarni ushbu muhim yangilik, ertangi kun uchun qatʼiy ishonch baxsh etadigan xushxabar bilan qutlab, bu tarixiy voqea Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bogʻliq muammolariga yechim topish yoʻlida tamomila yangi ufqlarni ochishi, yangi-yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirishini taʼkidladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, suv artezian qudugʻi yordamida Janubiy Orololdi artezian havzasining Bor davri yotqiziqlari orasidan, yaʼni, 300 metr chuqurlikdan oʻz bosimi bilan sekundiga 10 litr suv chiqib turibdi.
Xalqimizda “Suv bor joyda hayot bor”, deb bejiz aytilmagan. Bu iboraning tub mohiyatini choʻl hududlarda yashovchi odamlar, ayniqsa, Orolboʻyi aholisi, chorvadorlar boshqalardan koʻra chuqurroq tushunadi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Shu maʼnoda, Orol ostidan suv chiqarilishi natijasida bu yerda YANGI HAYOT BOSHLANADI.
Avvalambor, Orol va Orolboʻyidagi ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar yanada jadallashadi;
choʻl sharoiti va shoʻrxoklikka chidamli hamda ozuqa oʻsimliklari koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha maqbul muhit paydo boʻladi;
qishloq xoʻjaligidagi muhim tarmoq boʻlgan chorvachilikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish borasida beqiyos imkoniyat va sharoitlar yuzaga keladi – ulkan maydonlarda yangi unumdor yaylovlar yaratiladi, chorvachilik xoʻjaliklari tashkil etiladi, bu yerda odamlar yashay boshlaydi, oʻn minglab kishilar ish bilan taʼminlanadi;
Orolda boy hayvonot va nabotot olami shakllanadi, bioxilma-xillik sezilarli darajada koʻpayadi. Bu esa, tabiiyki, ekologik turizmni yangi asosda taraqqiy ettirishda kuchli turtki boʻladi.
Albatta, Orolda obi-hayot paydo boʻlishi bilan bu yerda yuzaga kelayotgan yangi imkoniyat va tarmoqlar roʻyxatini yana uzoq davom ettirish mumkin. Shu borada fikr yuritganda bir jihatga alohida urgʻu berib oʻtish har tomonlama oʻrinlidir. U ham boʻlsa, hududda yangi suv manbalarining ochilishi davlatimiz rahbari tomonidan Orolboʻyi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasiga aylantirish boʻyicha ilgari surilgan xayrli tashabbus hamda unda belgilab berilgan ezgu maqsad va dolzarb vazifalarni hayotga joriy etishda gʻoyat katta amaliy ahamiyatga ega boʻladi.
Shu munosabat bilan ishga tushirilgan suv qudugʻi yonida hozir yana ikkita quduq burgʻulanayotgan boʻlsa, davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan joriy yil 1 aprelgacha Orolning suvsiz qolgan hududida jami 50 ta quduq qazilib, ishga tushiriladi. Bundan tashqari, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar oldiga Orol hududida keng miqyosda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish vazifasi ham qoʻyilgan.
Bu hali hammasi emas. Prezidentimiz tomonidan Orolboʻyi hududidagi tumanlarda oʻtgan asrda qazib, suv chiqarilgan, ammo yillar oʻtishi bilan ishdan chiqib, nosoz holatga kelib qolgan quduqlarni qayta tiklash yuzasidan tegishli tashkilotlarga alohida koʻrsatma ham berilgan.
Xullas, ham Orolning qurib qolgan qismida, ham Orolboʻyi mintaqasida noqulay ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan yirik loyiha va dasturlar oʻzaro uygʻunlikda izchil amalga oshirilayotgani, qatʼiy va nostandart chora-tadbirlar koʻrilayotgani fojiani yengib oʻtishning eng bosh omiliga aylanmoqda.
Shagʻala massivida suv chiqarilgani haqidagi quvonchli xabar quduq yonidagi maydonda katta bayramga aylanib ketdi. Shu kuni bu yerda jam boʻlgan har bir kishi, ayozli sahroning mashaqqatlarini birgalikda yengib, sinashta boʻlgan, doʻstu-birodar, qarindoshlarga aylanib ketgan insonlar, obrazli qilib aytganda, Orol ahlining yuzi-koʻzida mamnunlik, magʻrurlik, umid va ishonch tuygʻulari yanada yorqin namoyon boʻldi. Axir, Orolda yana tiriklik asosi – obi-hayot sharqiroqlari shovqin solib, yangi hayot kurtaklarini uygʻotdi. Allaqachon kun botib, izgʻirin shamol har qancha oʻz hukmini oʻtkazishga urinmasin, bu yerda yangragan qaynoq qoʻshiqlar tafti bepoyon Orolning uzoq-uzoq burchaklarida ham aks-sado berdi…
Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA