Iqtisodiyotni va valyuta bozorini erkinlashtirish chora-tadbirlari natijadorligi muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, iqtisodiyot rivojlanishi va tadbirkorlar faoliyati uchun katta toʻsiq boʻlib kelgan valyutani erkin sotib olish va sotish borasidagi cheklov va muammolar bartaraf etildi. Eʼtiborlisi shundaki, oldingi yillarda eksport tushumlari boʻyicha majburiy sotuv talabi bor paytda eksportdan tushgan valyuta tushumlarining ichki bozorga ishlatilishi 30 foizni tashkil etgan boʻlsa, bunday cheklov va talablar olib tashlanganidan keyin ushbu koʻrsatkich 61 foizga yetdi.

Buning natijasida tashkilotlar oʻzlari uchun zarur xom ashyo va asbob-uskunalarni xarid qilish, joriy va investitsiya ehtiyojlarini qoplash imkoniyatiga ega boʻldi, shuningdek, oʻtgan yili sanoat hajmi 14,4 foiz, eksport tushumi 19 foiz oʻsdi va eksportyorlarning banklarga sotgan valyutasi miqdori 1,9 barobar oshishiga erishildi.

Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatbardosh ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirish iqtisodiyot sohasidagi muhim vazifalardan ekanini taʼkidlagan edi.

Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Valyuta zaxiralarimizdan oqilona foydalanish, ushbu zaxirani boshqarishning aniq strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, oltin-valyuta zaxiralari tarkibini optimallashtirish, valyutalarni saqlashda xalqaro tajriba asosida qimmatli qogʻozlar, jumladan, yuqori likvidli obligatsiyalardan foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Valyuta tushumlari va oltin-valyuta zaxiralarining koʻpayishini taʼminlashda eng optimal yoʻl eksport salohiyatini oshirishdir. Shuning uchun bu yil eksport prognozlari oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobar koʻproq qilib belgilangan.

Lekin ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarda hanuzgacha eksport tushumi boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklar mavjudligi qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir xoʻjalik birlashmasi kesimida eksport boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, ijrosini taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Xalqaro ekspertlar fikriga koʻra, iqtisodiyot erkinlashgan va investitsiyalar faollashgan sharoitda tashqi savdo aylanmasida oʻzgarishlar boʻlishi tabiiy holat.

Prezident erkin sotib olinayotgan valyuta iqtisodiyotimizning ertangi rivojlanish maqsadlariga xizmat qilishi kerakligini alohida taʼkidladi.

Mahalliy ishlab chiqarishning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida investitsiya xarakteriga ega boʻlgan texnologiya, asbob-uskuna, xom ashyo va materiallarni xarid qilishda xoʻjalik yurituvchi subyektlar va korxonalar valyutasini samarali yoʻnaltirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Davlat ulushiga ega korxonalarda import oʻrnini bosuvchi va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, yangi bojxona tariflarining mahalliy ishlab chiqarishga taʼsirini oʻrganib, amaldagi tariflarni yanada takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda yetakchi korxona va tashkilotlar boʻyicha eksport tushumlari tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Mamlakat eksport salohiyatini oshirish, jumladan, yetakchi eksportyor korxonalarning eksport tushumlarini koʻpaytirish boʻyicha vazifalar belgilab berildi. Bu borada nisbiy ustuvorlikka ega boʻlgan sohalarni aniqlab olish hamda ularni rivojlantirish boʻyicha konsepsiya va yoʻl xaritalari ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.

 

OʻzA