Oʻzbekiston delegatsiyasi Londonda oʻtkazilgan Jahon taʼlim forumida ishtirok etdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida xalqaro hamkorlikni tobora kengaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Taʼlim sohasi mutasaddilari turli xalqaro anjumanlarda, forumlarda faol qatnashayotgani ilgʻor oʻquv-innovatsion texnologiyalar, metodikalarni bilim berish jarayoniga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 21-25 yanvar kunlari Londonda boʻlib oʻtgan Jahon taʼlim forumida ishtirok etdi.
Dunyo miqyosidagi yirik ushbu maʼrifiy forumda 100 dan ziyod davlatlarning taʼlim vazirlari, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda taʼlim sohasini rivojlantirish boʻyicha masalalar qizgʻin muhokama etildi.
Forum doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda barcha jabhalarda, jumladan, taʼlim sohasida boshlangan islohotlar Buyuk Britaniya taʼlim sohasi vakillarida katta qiziqish uygʻotayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida tomonlar taʼlim sifatini oshirish va mamlakatimizda ingliz tilini oʻqitishni takomillashtirish boʻyicha masalalarni muhokama qildi. Ikki davlat vazirlarining uchrashuvi ilk bor amalga oshirilgani ham eʼtiborga molik va Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlarga qiziqishining ortayotganidan dalolatdir.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Cambridge Assessment International Education, Bridge International Academies, Education First (Shvetsiya) va boshqa tashkilotlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Xorijiy kompaniya vakillari Oʻzbekiston bilan ingliz tilini oʻqitish, ingliz tili oʻqituvchilari bilimini tekshirish, dars jarayonining onlayn nazorat platformasini, mutaxassislarni ingliz tiliga onlayn oʻqitish tizimini joriy etish hamda boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik qilish niyatini bildirdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Britaniya Kengashining “Taʼlim siyosati boʻyicha muloqot: yoshlarimiz kelajakka qanday tayyorgarlik koʻrayapti“ mavzusidagi dasturda ham ishtirok etdi.

 

N.Usmonova, OʻzA