Arab nashri Oʻzbekistonning diniy sohadagi islohotlari haqida maqola eʼlon qildi

Kuvaytda chop etiladigan nufuzli nashr — “As-siyasa” gazetasi Oʻzbekistonda keyingi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maqola eʼlon qildi.
Unda mamlakatimizda diniy bagʻrikenglikni qoʻllab-quvvatlash, islom ilm-fani va madaniyatining bebaho durdonalari boʻlmish boy maʼnaviy merosimizni saqlash, oʻrganish, insoniyatga ezgu gʻoya hamda taʼlimotlarini yetkazishga katta eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlangan.
Oʻzbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2200 dan ziyod diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat koʻrsatayotgani, malakali diniy xodimlar tayyorlashga ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani, ushbu maqsadda oʻndan ortiq diniy taʼlim muassasalari ish yuritayotgani mamlakatda ijtimoiy ­barqarorlikning muhim ­omili sifatida baholangan.
Ayni vaqtda Oʻzbekistonda islom dunyosining maʼlum va mashhur siymolari — Imom Buxoriy, Imom ­Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Muin Nasafiy, ­Bahouddin Naqshband kabi alloma va aziz-avliyolarning ilmiy merosini oʻrganish, ular xoki mangu qoʻnim topgan manzillarni obod etish boʻyicha olib bori­layotgan ishlar alohida taʼkid­langan.
“Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy maqbarasi taʼmirlandi. Uning yonginasida yangi masjid va kutubxona barpo qilindi. Bu yerda hadis va boshqa islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan musulmon ulamolarining ilmiy merosini chuqur oʻrganish maqsadida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-­tadqiqot markazi tashkil etildi. Shu vaqtga qadar buyuk allomaning 14 nomdagi asari tarjima qilinib, oʻzbek tilida nashr etildi”, deyiladi maqolada.
Gazetada yozilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil oktyabr oyida oʻtkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish gʻoyasi ilgari surilgan edi. Bu tashabbus Imom Buxoriydek buyuk allomaning ilmiy merosini chuqur oʻrganish, ­dunyoga tarannum etish, hadis ilmlari rivojiga hissa qoʻshishni maqsad qiladi.
Shuningdek, “As-siyasa” ­gazetasi oʻz sahifasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etilganini islom madaniyati va ilmiy merosini oʻrganish yoʻlidagi muhim qadamlar sifatida yoritgan.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonda diniy taʼlim, ­tadqiqot yoʻnalishlarida hayotga tatbiq etilayotgan tashabbuslar musulmon dunyosining qiziqishiga sabab boʻlayotir. Binobarin, yurtimiz tarixan islom ilmlari, fan va ­madaniyat keng ­rivojlangan diyor boʻlib, hech shubhasiz, bugungi musulmon madaniyati taraqqiyotini ­allomalarimiz, ularning benazir ­ilmiy merosisiz tasavvur etib boʻlmaydi.
Manba: xs.uz

 

OʻzA