Tumanda elektr taʼminoti barqarorlashdi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida elektr energiyani isteʼmolchilarga yetkazib berish boʻyicha 2018 yil davomida koʻplab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tumandagi elektr energiyasi isteʼmolchilariga oʻtgan yilda jami – 18,3 mln. kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrda qabul qilingan “2017- 2021 yillarda past kuchlanish tarmoqlarni modernizatsiya va yangilash Dasturi toʻgʻrisida”gi qarori asosida besh yil davomida Moʻynoq tumanida 22,5 km. uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari, 17 dona transformator punktlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan boʻlib, buning uchun 2,8 mlrd. soʻm mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan.

Oʻtgan yilda mazkur qaror doirasida 10,4 km. elektr uzatish tarmoqlari va 3 ta transformator punkti rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi. Natijada, “Uchsoy”, “Doʻstlik”, “Talliuzak” va “Tikuzak” mahallalaridagi isteʼmolchilarning elektr taʼminoti yaxshilandi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha 43,8 km. uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 19 dona transformator punkti mukammal taʼmirlandi. Amalga oshirilgan ishlar samarasi oʻlaroq 20 ta mahalladagi 3 600 dan ortiq aholi xonadonlari, joylardagi sanoat korxonalari, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining elektr taʼminoti barqarorlashdi.

2019 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida 14,1 km. elektr tarmoqlari va 6 ta transformator punkti rekonstruksiya qilinishi va yangidan qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2019-2020 yil kuz-qish mavsumiga elektr qurilmalarni tayyorlash boʻyicha 48,4 km. uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 20 dona transformator punkti mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.

OʻzA