Yakka tartibdagi tadbirkorlarga oid soliq maʼmuriyatchiligi boʻyicha kiritilgan oʻzgartirishlar

Yakka tartibdagi tadbirkorlar 2019 yil 1 yanvardan boshlab bir kalendar yilda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdoriga qarab, jumladan:
100 million soʻmgacha, qatʼiy belgilangan soliqni;
100 million soʻmdan 1 milliard soʻmgacha tashkil etganda, 4 foizlik stavkada yagona soliq toʻlovini;
1,0 milliard soʻmdan oshganda yuridik shaxslar tomonidan toʻlanishi nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlaydilar.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi soliq va toʻlovlarni ham toʻlaydilar:
1) bojxona toʻlovlari;
2) yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus toʻlovlar;
3) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq – suv resurslaridan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilganda;
4) aksiz soligʻi – aksiz toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda;
5) yagona ijtimoiy toʻlov;
6) davlat boji;
7) avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun yigʻim.
Qatʼiy belgilangan soliq – amalga oshirilayotgan faoliyat turi va hududiga qarab, belgilangan qatʼiy soliq summasi miqdorida faoliyat yuritayotgan oyning 10-sanasiga qadar mahalliy byudjetga toʻlanadi.
Faoliyatning bir necha turi bilan shugʻullanuvchi soliq toʻlovchilar qatʼiy belgilangan soliqni faoliyatning har bir turi uchun mazkur turdagi faoliyatga nisbatan belgilangan stavkalar (summa) boʻyicha alohida-alohida toʻlaydilar.
Bir kalendar yil davomida tovarlar (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi belgilangan miqdordan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qonun hujjatlarida belgilangan miqdor oshgan oyning keyingi oyidan boshlab yagona soliq toʻlashga oʻtadi.
Yagona soliq toʻlovining bazasi hisoblab chiqarilgan yalpi tushumdan belgilangan (4 foiz) soliq stavkasi boʻyicha hisoblab chiqariladi va har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar toʻlovni amalga oshiradi.
Yakka tartibdagi tadbirkor amaldagi qonunchilikka asosan chakana savdo, maishiy xizmat koʻrsatish va boshqa turdagi jami 84 ta faoliyat bilan shugʻullanishlari hamda:
chakana savdo faoliyatida bir nafargacha;
maishiy xizmat koʻrsatish faoliyatilarida uch nafargacha;
faoliyatning boshqa turlarida ikki nafargacha xodimni yollab ishlatish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 850-son qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati”da koʻrsatilgan 14 ta faoliyat turiga oʻzgartirishlar kiritildi va bitta faoliyat turi chiqarib tashlandi. Xususan:
qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlarini sotish;
alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash;
oʻsimlik, hayvonlar va minerallardan tayyorlangan dorivor xomashyoni qadoqlash va ulgurji sotish;
transport vositalarini yuvish, salonni tozalash va shunga oʻxshash boshqa xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshiruvchilar;
chetdan tijorat maqsadida bir oyda 5 ming dollardan koʻp tovar olib keluvchilar (importyorlar) 2019 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxs sifatida qayta roʻyxatdan oʻtishlari talab etiladi.
Davlat soliq qoʻmitasi
Jamoatchilik bilan aloqalar
va huquqiy axborot boʻlimi.

 

OʻzA