Kinorejissyor haqida kitob va filmlar tanlovi

Yoshlar ijod saroyida poytaxtimizda oʻtkazilayotgan “PROlogue-2018“ xalqaro kinofestivali doirasida rejissyor Qamara Kamolovaning hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Kino – yeyo rabota” nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi koʻmagida yosh kinochilar tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan kitob kinoijodkorlarning katta avlodiga boʻlgan hurmatning oʻziga xos ifodasidir.

Qamara Kamolova Davlat mukofotlari sovrindori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, taniqli oʻzbek kinorejissyoridir. Kitobda uning kinodagi ijodiy faoliyati, doʻstlarining xotiralari, olgan kinofilmlari va shaxsiy mulohazalari oʻrin olgan. Kitob kino sanʼatiga qiziqadigan va uni sevadigan har bir inson uchun qiziq va kerakli qoʻllanma boʻla oladi.

Shu kuni Yoshlar ijod saroyida Q.Kamolovaning “Yoʻl boʻlsin” nomli filmining namoyishi ham boʻlib oʻtdi.

Xalqaro festival doirasida oʻzbek kinochilarining “Scorpion“ filmiga bagʻishlangan matbuot anjumani, qisqa va toʻliq metrajli badiiy filmlar tanlovi oʻtkazildi.

 

N.Usmonova, OʻzA